“Hizbut tahrir” a’zosiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Xo‘sh, nega?

“Hizbut tahrir” a’zosiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Xo‘sh, nega?
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining sudyasi T.Vahobov raisligida keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
 
2012 yilning dekabr oyi oxirlarida O‘zbekiston Respublikasida taqiqlangan “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining faol a’zosi, “mushrif” lavozimiga tayinlangan A.Mo‘minov Oltiariq tumanida “Xizbiy xalqa” tashkil etib, unga tanishlari R.Abdusattorov, A.Mavlonov, A.Yakubov, A.Mirzarahmonov va N.Mamatxoliqovlarni a’zo qilgan va ularga “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik oqimi g‘oyalari bo‘yicha saboq berib kelgan. Shuningdek, R.Haydarov ham “Xizbiy xalqa” guruhini tashkil qilib, unga tanishlari A.Rahmonov, M.Mamarizayevlarni a’zo qilgan va ularga diniy oqim g‘oyalarini o‘rgatgan. O‘z navbatida, ushbu “Xizbiy xalqa” a’zolari sudlanuvchi R.Abdusattorov, A.Mavlonov va A.Yakubovlar bilan bir guruh bo‘lgani holda, yashash xonadonlaridagi yig‘inlarda qatnashib, taqiqlangan “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelgan.
 
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining sudyasi T.Vahobov raisligida keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
 
Sudlanuvchi R.Abdusattorov aybiga iqror bo‘lib, A.Mo‘minov o‘zi va boshqa sheriklariga “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati bo‘yicha diniy ma’ruza qilib, ushbu oqimga da’vat qilayotganini bilgan bo‘lsa-da, bu haqda tegishli idoralarga xabar bermagani, hozirda ushbu tashkilot g‘oyalari O‘zbekistonda notinchlik chiqarishga qaratilgani va islom diniga zid ekanini tushunib yetgani, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, ko‘rsatma berdi.
 
Sud majlisida guvohlarning, sudlanuvchi istiqomat qilgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisining ko‘rsatmalari tinglanib, sudlanuvchi R.Abdusattorovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2442-moddasi 1-qismi bilan Jinoyat kodeksi 57-moddasi qo‘llanib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. R.Abdusattorovga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
 
Sud tomonidan R.Abdusattorovga jazo tayinlashda uning shaxsi, yoshligi, muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yashash joyi – Oltiariq tumani “Beruniy“ mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan unga nisbatan kafolat xati berilgani jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholanib, unga nisbatan ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari, shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi haqida tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, ushbu jinoyatning sodir etilishi sabablari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
 
Sud sodir etilgan jinoyatning sababini va uning sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan Oltiariq tumani hokimligiga xususiy ajrim chiqardi.
 
Yo‘ldan adashgan bu yigitga yana bir imkon berildi. Endi u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarsa bo‘lgani
Manba: uza. uz 

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!