Dunyo bo‘ylab Kimyoviy qurolni taqiqlash kuni nishonlanmoqda

Dunyo bo‘ylab Kimyoviy qurolni taqiqlash kuni nishonlanmoqda

Har yili 29 aprel xalqaro miqyosda Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti tuzilgan kun sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 2015 yil dekabr oyida Kimyoviy qurol bo‘yicha konvensiyaga a’zo davlatlar konferensiyasi XX sessiyasida e’lon qilingan. 1997 yil shu kuni ommaviy qirg‘in qurolini yaratish, ishlab chiqarish, to‘plash, qo‘llashni man etish va yo‘q qilish to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirdi. 1993 yil 13 yanvar kuni Fransiya poytaxti Parijda qabul qilingan mazkur hujjatda “butun insoniyat manfaati yo‘lida kimyoviy quroldan foydalanish imkoniyatini butunlay yo‘q qilish” qat’iyligi ta’kidlangan. Shundan kelib chiqib, Konvensiyaga a’zo davlatlar Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotini tuzdi.

Konvensiya mandati Kimyoviy qurol turlarini yaratish, ishlab chiqarish, to‘plash, berish, qo‘llashni to‘xtatish, bunday aslahaning qayta paydo bo‘lishi oldini olish va mavjud zaxirasini yo‘q qilishni ta’minlashga qaratilgan.

Tashkilotning pirovard maqsadi kimyoviy quroldan butunlay xoli dunyo qurish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, umumiy va to‘liq qurolsizlanish hamda global iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shishdir. Kimyoviy qurol bo‘yicha konvensiyaga a’zo barcha davlatlar o‘z-o‘zidan mazkur tashkilotga ham a’zo hisoblanadi. Hozir 193 davlat Kimyoviy qurol bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilgan, faqat Misr, Isroil, Shimoliy Koreya va Janubiy Sudan jarayonning huquqiy doirasidan tashqarida qolmoqda. Dunyo aholisining 98 foizi Konvensiyaga a’zo davlatlarda yashaydi.

Tashkilot boshqaruv organi ishtirokchi davlatlar konferensiyasi, Ijroiya kengashi va Texnik kotibiyatdan iborat. Konferensiya har yili muntazam ravishda sessiya o‘tkazadi. Bundan tashqari har besh yilda bir marta tuzilma faoliyati ko‘rib chiqiladi. Beshinchi tahlil konferensiyasi 2023 yil 15-19 may kunlari bo‘lib o‘tdi. Afsuski, o‘shanda anjumanda ishtirok etgan davlatlar yakuniy hujjat bo‘yicha kelisha olmadi. Ijroiya kengashi navbatma-navbat ikki yilga saylanadigan 41 a’zodan iborat. Kengashni bir yil muddatga saylanadigan rais boshqaradi. Tuzilma tarkibini shakllantirishda adolatli geografik taqsimot, mamlakatda kimyo sanoatining ahamiyati, shuningdek siyosiy va xavfsizlik manfaatiga alohida e’tibor beriladi. Kvota mintaqaviy guruhlar o‘rtasida taqsimlangan: Afrika va Osiyo – to‘qqiz, Sharqiy Yevropa – besh, Lotin Amerikasi va Karib havzasi – yetti, G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar – o‘n o‘rin. Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida har ikki yilda bir almashinadigan bitta qo‘shimcha o‘rin ham bor. Ijroiya kengashi har yili uch marta sessiya o‘tkazadi. Muntazam sessiyalar oralig‘ida vakolati va vazifasidan kelib chiqib, zarur bo‘lganda, navbatdan tashqari sessiyani yig‘ish huquqiga ega. Texnik kotibiyatni Bosh direktor boshqaradi. U to‘rt yilga tayinlanadi va muddat bir marta uzaytirilishi mumkin. 2018 yil 25 iyuldan boshlab Texnik kotibiyatni ispaniyalik Fernando Arias Gonsales boshqarib kelyapti. 2021 yil dekabr oyida u ikkinchi muddatga qayta tayinlangan.

Konvensiya maqsadini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Texnik kotibiyat tarkibiga malakali inspektorlar, ilmiy, texnik va ma’muriy xodimlar jalb qilingan.

Ilk bor kimyoviy qurol 1914-1918 yillarda bo‘lib o‘tgan Birinchi jahon urushi jang maydonida, dastlab Germaniya, so‘ngra boshqa ishtirokchilar tomonidan qo‘llangan. Keyinchalik kimyoviy quroldan Italiya Efiopiyaga, Yaponiya Xitoyga, AQSh Koreya va Vyetnamga qarshi foydalangani, Eron – Iroq mojarosida ham ishlatilgani aytiladi.

Hozir kimyoviy qurolga ega mamlakatlar ro‘yxatiga rasman Albaniya, Liviya, Iroq, Hindiston, Rossiya, AQSH, Koreya Respublikasi va Suriya kiritilgan. AQSh eng ko‘p jangovar kimyoviy zaharlovchi modda zaxirasiga ega mamlakat sifatida ta’kidlab kelinadi. Qo‘shma Shtatlar to‘liq kimyoviy qurolsizlanish jarayonini 2023 yil yakunlashi kerak edi.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil mart oyida dunyo bo‘yicha 72 118 tonna yoki dunyodagi jami aniqlangan kimyoviy qurol zaxirasining 99 foizi yo‘q qilingan. Ushbu say’-harakat inobatga olinib, 2023 yil 11 oktyabrda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti Tinchlik bo‘yicha Xalqaro Nobel mukofotiga ham sazovor bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!