«Hayot uyga sig‘adi». Burak O‘zchivit va Fahriya Evjen odamlarni uyda qolishga chaqirdi

«Hayot uyga sig‘adi». Burak O‘zchivit va Fahriya Evjen odamlarni uyda qolishga chaqirdi

Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Hayot uyga sig‘ar» (Hayat eve sığar) heshtegi ostida fuqarolarni uyda qolishga undamoqda. Instagram’da ko‘p sonli folloverlarga ega taniqli turk aktyori, aktrisasi hamda xonandalari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xususan, Turkiyaning eng mashhur yulduzli juftligi Burak O‘zchivit va Fahriya Evjen ham ayni damda karantinda uyda o‘tirganlari aks etgan surat bilan bo‘lishib, o‘z muxlislarini uyda qolishga chorladi.

Kitob tutib turgan aktyorlar suratga «Iltimos, uyda qoling. Hayot uyga sig‘adi», deb izoh qoldirdi.

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Xoja Burak va Fahriyaning ushbu suratini o‘z sahifasiga joylashtirib, «Burak O‘zchivit va Fahriya Evjen ‘Hayot uyga sig‘adi’ deb yozmoqda. Men ularga bizning tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildiraman», — deb yozib qoldirdi.

Fahriddin Xojaning ma’lum qilishicha, Turkiyada so‘nggi sutkada 5035 kishi koronavirusga test topshirgan. 561 kishida ushbu infeksiya aniqlangan. 15 nafar bemor vafot etgan. Mamlakatda koronavirusni yuqtirib olganlarning umumiy soni esa 2433 kishini tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘zbek tomoshabinlariga «Choliqushi» filmining yangi talqini hamda «Ishq senga o‘xshar» hamda «Uyim sensan» kabi filmlardagi obrazlari bilan yaxshi tanish Fahriya Evjenning Instagram’da salkam 10 million nafar folloveri bor.

«Muhtasham yuz yil» hamda «Sevgi iztirobi» filmlari yulduzi Burak O‘zchivitni esa ijtimoiy tarmoqda 14,4 million kishi kuzatadi.

Burak va Fahriya 2017 yilning yozida turmush qurgan. Ular 2019 yilning 13 aprelida ota-ona bo‘ldi. Juftlik o‘g‘liga Karan deb ism qo‘ygan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!