G‘uzorda yana tomosha: Hokim va yoshlar uchrashuviga hokim kelmadi

G‘uzorda yana tomosha: Hokim va yoshlar uchrashuviga hokim kelmadi

Kecha, 21 fevral kuni G‘uzor tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Hokim va yoshlar uchrashuvi o‘tkazilishi kerak edi.

Uchrashuv o‘tkazildi, faqatgina uchrashuvga hokim kelmadi.

Shundan so‘ng, tuman hokimligi tahririyatga e’tiroz bildirib,Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish uchun lavozimga tayinlangan Alisher Bo‘riyev tashrif buyurgani, hozirda tuman hokimi Sa’dulla Boboqulov sog‘ligida muammo boriligi uchun vaqtinchalik ta’tilga chiqqanini «pesh» qilib , vazifani vaqtincha bajaruvchi o‘rinbosarga bu borada buyruq chiqarilganini ham aytgan edi.

Ammo tahririyat xodimlariga hali ham bu buyruq taqdim etilmadi.

Kechagi uchrashuv ham sahnalashtirilgan tomosha bo‘ldi.

Uchrashuvga borgan «Nasafnews» manbasiga ko‘ra, hatto tadbirga uyushmagan yoshlar qatlami taklif etilmagan.

O‘rindiqlar bo‘sh, tadbir fayzsiz o‘tgan.

Tabiiyki, bu holat bo‘yicha yana tuman hokimligining fikrini bilishga qiziqdik.

G‘uzor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Xudoyberdi Yo‘ldoshevning aytishicha, uchrashuvga hokim vazifasini bajaruvchi Alisher Bo‘riyev kelishi kutilayotgan edi. Ammo u viloyatdan kelgan ishchi guruh bilan band bo‘lib, hokim va yoshlar uchrashuviga borolmagan.

Maktabda faqatgina yoshlar bilan uchrashuv emas, balki sayyor qabul ham tashkil etilgan. Tadbirda hokimning o‘rinbosarlari fuqarolar murojaatlarini tinglagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yoshlar bilan uchrashuvlar viloyat hokimi o‘rinbosari Dolli Allayev tomonidan tanqid ostiga olingan edi.

-Uchrashuv natijalari ham qoniqarli emas, sovg‘a berish yoki qarsak chalish bilan ish bitmaydi. Bizga natija kerak, ishsiz, muammoli yoshlarga quloq tutishimiz darkor. Afsuski, ayrim uchrashuvlar faqatgina televediniya uchun tashkillashtirilgan,- deb ta’kidlagandi Dolli Allayev.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!