Fermerlar kengash a’zoligidan chiqsa, yeri olib qo‘yiladi – Deputatlar vazirlik ishlab chiqqan qonun loyihasiga qarshi chiqyapti

Fermerlar kengash a’zoligidan chiqsa, yeri olib qo‘yiladi – Deputatlar vazirlik ishlab chiqqan qonun loyihasiga qarshi chiqyapti

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
 
Qonunda bir qancha bahsli normalar aks etgani bois deputatlarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqardi, deyiladi Qonunchilik palatasi tarqatgan axborotda.
 
Deputat Rasul Kusherboyevning fikricha, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqiy-tashkiliy shakliga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga murojaat etilsa, nodavlat notijorat tashkilotlar, uyushmalar, jamoat birlashmalariga a’zolik ixtiyoriylikka asoslanadi.
 
Holbuki, muhokama etilgan mazkur qonun loyihasida fermerlarning O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zo bo‘lishi shart, degan majburiy talab qo‘yilmoqda.
Deputat Rasul Kusherboyev bu talab yuqori turuvchi qonun hujjatlarimizga zid bo‘lib qolmaydimi, degan haqli savolni o‘rtaga tashlagan.
 
Shuningdek, qonun loyihasida fermerlarning majburiy a’zoligi shartligidan tashqari, agarda ular kengashga a’zolikdan chiqib ketsa, yerini olib qo‘yish tartibini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
 
Shu bois depupat kengashga fermerlarning a’zoligini ixtiyoriylikka asoslantirish maqsadga muvofiq, degan taklifni ilgari surar ekan, Konstitusiyada nodavlat notijorat tashkilotlar, uyushmalar, jamoat birlashmalariga ixtiyoriylikka asoslangan a’zolik huquqini majburiyatga aylantirib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu jamoat tashkiloti hisoblangan ushbu Kengashni davlat organi vazifasini bajaruvchi tashkilotga aylantirib qo‘yishini qayd etdi. Shu bois, fermerlarda Kengashga a’zo bo‘lish yo bo‘lmaslik huquqini qoldirish maqsadga muvofiq, degan yakdil fikrni bildirdi.
 
Deputatlar tomonidan qonun loyihasining ayrim normalari yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalardan so‘ng, mazkur qonun loyihasini yanada pishiq-puxta ishlash maqsadga muvofiq deb topildi hamda hujjat loyihasi parlament quyi palatasining navbatdagi yalpi majlisiga tayyorlash uchun kun tartibidan qoldirildi.
Manba: qalampir.uz 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!