Endi bu ish bilan MIB shug‘ullanadi

Endi bu ish bilan MIB shug‘ullanadi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 50-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” deyilgan. Qolaversa, endilikda yurtimizga ko‘plab xorijiy sayyohlarni taklif qilayotgan ekanmiz, shunga yarasha shaharlarimiz, mahalla va xonadonlarimizni toza, ozoda va obod qilishimiz darkor.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarning 60 foizi har oyda, 40 foizi 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilmoqda. Demak, bundan ko‘rinadiki, fuqarolarimizda to‘lov madaniyati to‘liq shakllanmagan.

Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Toza hudud”, mutasaddi tashkilotlar, mahalla va jamoatchilik faollari ham ishtirok etishdi.

Tadbirda, “Toza hudud” DUK tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasi qisqa vaqtda ko‘rina boshlaganligi, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilayotganligi, turli korxona-tashkilot va muassasa hovlilari “tasodifiy chiqindixonalar”dan tozalanayotganligi qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan e’tiboran qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlar to‘lanishini ta’minlash vazifasi bilan endi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi shug‘ullanishi haqida ta’kidlandi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar aholi tomonidan to‘lov amalga oshirilgan o‘tgan oydan keyingi oyning o‘ninchi sanasidan kechikmay yagona tranzit bank hisobvaraqlariga to‘lanishi aytib o‘tildi.

Darhaqiqat, sohada yig‘ilib qolgan muammolar aholining sifatli sanitar tozalash xizmatlari bilan ta’minlash imkonini bermadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 22 noyabr kuni “Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi esa bu kabi muammolarni hal etishda muhim dasturilamal bo‘ladi.

Bu kabi tadbirlar Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan ham tashkil etib kelinmoqda.

Jumladan, Olmaliq shahrida “Toza hudud” DUK shahar filiali mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda “Ramazon”, “A.Yassaviy” xamda “Bo‘ston” mahallalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilarga farmon mazmun-mohiyati yetkazilib, mahalla ahliga tabiat va uning saxovatini qadrlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, bu esa o‘z navbatida, kelajak avlodga obod Vatan, musaffo tabiat, noyob tabiiy boyliklarni asrab, meros qilib qoldirishdek ezgu ishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi atroflicha tushuntirildi.

Joylarda to‘planayotgan maishiy chiqindilarni vaqtida to‘plash, shahar va aholi yashash maskanlaridan olib chiqib ketish ham o‘ta muhim vazifalardan biri. Modomiki endilikda yurtimizga ko‘plab xorijiy sayyohlarni taklif qilayotgan ekanmiz, shunga yarasha shaharlarimizni orasta va chiroyli qilib qo‘yishimiz zarur. Bugun aholiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatayotgan va bunga tayyor bo‘lgan korxona va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bisyor. Ularning samarali va sifatli faoliyat ko‘rsatishi uchun esa ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashlari zarurligi qayd etildi.​​

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!