Elektr narxi oshishi arafasida Namangan shahrida to‘lov uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelmoqda

Elektr narxi oshishi arafasida Namangan shahrida to‘lov uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelmoqda

Elektr energiyasi narxi oshishi arafasida Namangan shahrida to‘lov uchun uzundan-uzoq navbatlar yuzaga kelmoqda. Fuqarolar avval elektr pulini to‘lash, keyin uni smart-kartaga yuklash uchun soatlab navbat kutmoqda, deya xabar beradi «Turon 24».

«Ertalab soat 8:00 da kelganman. Mana, hozir soat 14:00 dan oshdi. Hali ishim bitmadi. Elektr korxonasi oldidagi pul qabul qilish shoxobchasida navbatni ko‘rib, sabrim chidamay, «Paynet»da pul o‘tkazib keldim, — deydi fuqaro Majidxon Yusufboyev. — 100 ming so‘m to‘lov uchun 5 ming so‘m olib qolib, 95 ming so‘mga chek berishdi. Endi buni cmart-kartamga yuklab olish uchun haligacha navbat kutyapman. Innovasiya, yangi texnologiyalar deymiz, qani ular? Shuncha aholi nahot bitta qurilmaga qarab qolsa?"

Shaharning «G‘uncha» mahallasida yashovchi Bilolxon Mahmudjonovning aytishicha, tong saharlab, soat 7:40da navbatga turgan. Soat 8:00 dan keyin xodimlar kelib, qurilma ishlamayotgani aytganidan so‘ng qaytib ketgan va tushlikdan so‘ng kelgan. Endi esa 50 nafarga yaqin mijoz qatori sabr qilishga majbur.

«Muammo tomoni shundaki, ba’zan hisoblagich pul qabul qilmay qoladi. Hozir uni ham «nol» qilib, ko‘rsatgani olib keldim, – deydi Bilolxon Mahmudjonov. — Har gal o‘rtacha 50 ming so‘m to‘lov qilaman. Bugun hisoblagichning muammosini hal qilish va pulni yuklash uchun kun bo‘yi sarson bo‘lyapman».

«Pul to‘lash uchun 70-80 chog‘li odam navbatda turibmiz. Orasida bizga o‘xshagan yoshi kattalar, ayollar bor. Ba’zilar vaqti bo‘lmagani uchun bolalarini chiqargan, — deydi o‘zini Abdurashid Ikromov deb tanishtirgan fuqaro. – Yana bir tomoni, gohida to‘lov uchun plastik kartalar qabul qilinmaydi. Kartasini ko‘tarib shuncha navbatda turgan odamning bu «yangilik»ni eshitganidan keyingi holatini tasavvur qilavering».

Ushbu muammo yuzaga kelayotgan Namangan shahridagi «Markaz» elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Inomjon Abdullayevga ko‘ra, korxona idorasida to‘lov qabul qilinmaydi, bu yerda faqat «Sanoatqurilishbank» shoxobchasi joylashgan, xolos. Idora atrofidagi 2 ta to‘lov qabul qilish shoxobchasi esa xususiy tadbirkorlarga tegishli. Lekin mijozlar shu yerni ishonchli va to‘lov darrov tushadi deb hisoblagani uchun ularning oqimi to‘xtamayapti.«Aslida istalgan bank va pochta filiallarida to‘lovni amalga oshirsa bo‘ladi. Qabul qilingan pul darrov bizda va MIBda ko‘rinadi. Korxonamiz 60 ming mijozga xizmat ko‘rsatadi, bundan 57,5 mingi aholi, qolgani yuridik shaxslar. To‘lovni smart-kartaga yuklash talab qilinadigan hisoblagichlar 14 mingga yaqin xonadonga o‘rnatilgan, — deydi Inomjon Abdullayev. — Hozirda avtomatlashtirilgan elektr hisoblagichlar o‘rnatishni boshladik, ularda to‘lovni onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyati mavjud. Yangi qurilayotgan binolarning barchasi shunday qurilmalar bilan jihozlanyapti, bunday xonadonlar soni 4 mingga yaqinlashib qoldi. 2020 yilgacha bu jarayon yakunlanishi kerak».Bosh muhandisning qayd etishicha, mijozlarning asabbuzarligiga sabab bo‘layotgan smart-kartalarga to‘lovlarni yuklab beradigan qurilma markazda atigi bitta. Svet o‘chib qolsa, uning ham dasturi ishdan chiqadi va to sozlaguncha bir muddat vaqt ketadi. Qolaversa, 10 ming marotaba karta kirib-chiqqanidan so‘ng qurilma yaroqsiz holga keladi va uni Toshkent shahriga borib yangilab kelish kerak.Viloyat elektr energiyasiga mas’ul mutasaddilar to‘lovlarni amalga oshirishda kuzatilayotgan turnaqator navbatlarni elektr energiyasi narxi oshishi arafasidagi ajiotaj bilan bog‘lamoqda. Ular to‘lovni yuklash qurilmasi bilan bog‘liq muammolar vaqtinchalik, yangi avtomatlashtirilgan elektr hisoblagichlar o‘rnatilganidan so‘ng o‘z-o‘zidan hal bo‘ladigan holat deya izohlamoqda. Biroq ular ishga tushguncha 14 mingga yaqin xonadon smart-karta orqali to‘lov qilishga majbur.Ma’lumot uchun, 2018-yil 16-noyabrdan elektr energiyasining 1 kilovatti 250 so‘mgacha (hozir 228 so‘m 60 tiyin) oshadi. 2019 yil 1 iyunidan esa yana bir marta — 280 so‘mgacha ko‘tariladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabr kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining va tariflarining bosqichma-bosqich o‘zgarishi to‘g‘risida” qarorida ko‘zda tutilgan.​

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!