«Dunyo podshohlari to‘plagan barcha saltanatu boylik Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan...»

«Dunyo podshohlari to‘plagan barcha saltanatu boylik Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan...»

Rasululloh alayhissalom haqlarida dunyo olimlarining fikrlari

Dunyo shu paytga qadar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdek mukammal, barchaga o‘rnak bo‘la oladigan go‘zal axloq sohibi, dunyodagi barcha yaxshi sifatlarni o‘zida mujassam etgan zotni ko‘rmagan va bundan keyin ham ko‘rmaydi. Keling, avval u zotning ayrim sifatlarini eslaymiz: Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

“Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor” (“Ahzob” surasi, 21-oyat).

عَبْد اللَّهِ بْنَ عَمْرٍو ، يَقُولُ : إِنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلا مُتَفَحِّشًا ، وَإِنَّهُ كَانَ يَقُولُ : إِنَّ خِيَارَكُمْ أَحْسَنُكُمْ أَخْلاقًا

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qabih so‘zlarni gapirmas va fahsh ishlarni qilmas edilar. U zot: “Sizlarning yaxshilaringiz axloqi yaxshilaringizdir”, – der edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xulq jihatidan odamlarning eng yaxshisi edilar”.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hech qachon na qo‘l ostidagi xodimlarini va na ayollarini urmaganlar. Urushdan boshqa paytda hech narsani qo‘llari bilan urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlagan bo‘lsalar, gunoh bo‘lmasa, albatta, yengilini tanlardilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar. O‘zlari uchun hech qachon intiqom – o‘ch olmaganlar. Agar Alloh taolo harom qilgan narsalar sodir qilinsagina, Alloh taolo uchun intiqom olganlar”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning halimliklari eng oliy darajaga yetgan edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Zayd ibn Sa’nah ismli madinalik yahudiydan xurmo berish evaziga pul oldilar. U bir necha kunga muhlat bergan edi. Va’dasi to‘lmay turib, xurmo so‘rab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kiyimlaridan ushlab: “Ey Muhammad, haqimni shu choqqacha nega bermaysan? Hoshimiylar muomalasi yaxshi emas, deb eshitgan edim, to‘g‘ri ekan!” – dedi: Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu va barcha ulug‘ sahobalar shu yerda edilar. Umar roziyallohu anhuning g‘azablari kelib: “Ey odam, sizlar bilan o‘rtamizdagi ahdnomaning buzilishidan qo‘rqmasam edi, ta’ziringni berar edim!” – deb o‘rinlaridan sapchib turdilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jilmayib: “Ey Umar, ikkimiz oramizdagi gapga bundan yaxshiroq so‘z ham bor edi. Meni yaxshi muomala qilib berishga va uni yaxshi gapirib olishga buyurgin. Qaytarilishi kerak bo‘lgan kunga hali 3-4 kun bor edi. Endi, ey Umar, buning haqini sen berib qo‘y. Uni qo‘rqitganing uchun 20 so’ oshiqcha xurmo qo‘shib ber”, – dedilar.

Bu so‘zni eshitgan o‘sha odam hayron bo‘lib: “Ey Muhammad, Tavrot va Injilda oxirzamon payg‘ambari sifatlarini o‘qigandim, ularning hammasi sizda to‘g‘ri keldi. Sinalmagan yolg‘iz shu ish qolgan edi. Kitobda: “O‘zi uchun g‘azabi kelmaydi”, deyilgan. Endi buni ham sinab ko‘rdim. Sizning Payg‘ambar ekaningizga hech qanday shubha qolmadi!”– deb shu vaqtning o‘zida darhol musulmon bo‘ldi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatlariga qanchalik darajada shafqatli ekanliklarini bildirib Qur’oni karimda bunday zikr qilinadi:

لَقَدْ جَاءكُمْ رَسُولٌ مِّنْ أَنفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُم بِالْمُؤْمِنِينَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ

“Darhaqiqat, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga erishishingizga) tashna bo‘lgan, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi” (“Tavba” surasi, 128-oyat).

Oyati karimada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning asosiy sifatlaridan bir nechtasi zikr qilinmoqda. Dunyo tarixida u zotdek o‘zgalarga marhamatli, mehribon inson bo‘lgan emas.

Keling, endi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqlarida jahon tan olgan olimlarning fikrlari bilan tanishib chiqaylik.

Buyuk nemis faylasufi Yoxann Volfgang Gyote bunday deb yozgan: “Men dunyo tarixini o‘qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to‘plagan barcha saltanatu boylik, qasrlaru saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga ham arzimas ekan… Biz Yevropa millatlari, madaniy imkonimiz yuqori bo‘lishiga qaramay, Muhammad alayhissalom so‘nggi pog‘onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yo‘qki, biron kimsa u zotdan yuqoriroqqa o‘ta olmaydi”.

Bernard Shou: “Agar Muhammad alayhissalomdek bir odam hozirgi dunyoni boshqarganida edi, bu dunyoning mushkulliklarini hal qilishga muvaffaq bo‘lar edi, bu esa o‘z navbatida, hozirgi dunyoga yetishmayotgan xotirjamlik va saodatni olib kelgan bo‘lardi”, – degan edi.

Fransiyaning taniqli olimlaridan Lamartinning bunday so‘zlari bor: “Agar kishining buyukligi uning qilgan ishlariga, qozongan zafarlariga, imkoniyati oz bo‘lsa-da, ko‘p ish qilganiga qarab baholanadigan bo‘lsa, Muhammad alayhissalom insonlarning eng buyugidir. U kishi ham payg‘ambar, ham notiq, ham siyosatchi, sarkarda, qalblar himoyachisi, g‘oyalar targ‘ibotchisi, imom, davlat arbobi, yer yuzining 20 ta mintaqasida islomiy saltanat qura olgan… Muhammad alayhissalom ana shunday zot edi! Unga hech qaysi buyuk inson tenglasha olmaydi! Nahotki u zot o‘lchovlarga sig‘sa!”.

Oksford universiteti professori Vilyam Mongomeri: “Muhammad alayhissalomning zafar-yutuqlari uning buyukligiga dalildir. Bunday martabaga erishgan boshqa shaxs G‘arbda ma’lum emas. U zotni sehrgarlikda ayblagan kishilar o‘z maqsadiga erisholmay, noiloj qolgan odamning chiranishidir”, – degan.

G‘arb kishilari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning tarixlarini, siyratlarini, hayot yo‘llarini yaxshi o‘rgangani sababli mana shunday xulosalarga kelganlar. Shundan kelib chiqib, biz suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalomning hayot yo‘llarini barchadan yaxshiroq bilishimiz, barcha narsada u zotga ergashishimiz lozim bo‘ladi.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!