Din siyosatdan ajraganmi? Yoki birgami?

Din siyosatdan ajraganmi? Yoki birgami?

Din siyosatdan ajralganmi? Keyingi paytda masalani diniy va dunyoviy usulda alohida-alohida tahlil qilishga urinishlar ko‘paymoqda. Xo‘sh, aslida dinni siyosatdan ajratib bo‘ladimi? Bu to‘g‘rida Azon.uz nashri mantiqiy asoslangan xabar e’lon qildi. 

Bu savolga javob berish uchun, dastlab “din” va “siyosat” tushunchalarini anglash kerak bo‘ladi. 

Din insonlarni oxirat saodatiga eltuvchi vosita, hayot tarzi, qonun-qoidalar majmui hisoblanadi. Unga ishonmaganlar, buni inkor qiladi, xolos.

Diniy qonun-qoidalar dunyoviy masalalarni ham o‘z ichiga olishi tabiiy hol. Zotan, dinda inson bu dunyodagi amallariga qarab u dunyo saodatiga yetishi mumkinligi ta’kidlangan. Shundan kelib chiqib, dinga e’tiqod qiluvchi inson uchun bu dunyodagi hayot asosiy maqsad, birinchi va oxirgi qarorgoh emas, balki, Allohga eltuvchi yo‘l hisoblanadi.

Dunyoda insonlar o‘rtasidagi tartib goh dindor bo‘lsin, goh dahriy, odamlarning qilayotgan amallariga bog‘liqdir. Odamlarning  bu dunyodagi ishlari, kasbu korlari va sanoatlari esa, uchta darajaga bo‘linadi:

1) Insoniyat oyoqda turishi uchun zarur bo‘lgan asoslar: yeb-ichish uchun ekin ekish, kiyim-kechak uchun to‘qimachilik qilish, yashash uchun bino qurish, odamlar o‘rtasida o‘zaro yordam berish.

2) Yuqoridagi asoslarni amalga oshirishga yordam beruvchi vositalar: dehqonchilik uchun temirchilik, to‘qimachilik uchun paxta tozalash kabi sanoatlar.

3) Yuqoridagi asoslarni chiroyli va mukammal qiluvchilar. Nonvoylik, oshpazlik, tikuvchilik...

Demak, kasblar orasida eng sharaflilari asos bo‘lganlaridir. Zero asos bo‘lmasa, qolganlari ahamiyatini yo‘qotadi. Bug‘doy yetishtirilmasa, novvoychilik ahamiyatsiz bo‘lib qolganidek.

Lekin, asos ishlar orasidan eng sharaflisi esa, kishilar orasini isloh qilish va hamjihatlikni ta’minlash, ya’ni siyosat sanaladi.

Agar insonlar birgalashib harakat qilmasalar, tartibsizlik boshlanadi.

Shuning uchun, boshqa kasblarda talab qilinmaydigan shart – boshqara bilish mahorati siyosatda talab qilingan. Insonlarni boshqarish sharafli bo‘lgani uchun ham, siyosatchilar dehqonlardan ko‘ra sharafli kasb egasi hisoblanadi.

Siyosat so‘zi arabcha “siyasa” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zagi S-V-S harflaridan iborat. Siyosat yetishtirish, boshqarish ma’nolarini bildiradi. Etimologik jihatdan “sus” ya’ni ot so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, dastlab badaviylar tomonidan ot va tuyalarni yetishtirish va tarbiyalash ma’nosida ishlatilgan. Sais, ya’ni siyosatchi, ot va tuyalarni boshqaruvchi yoki tarbiyalovchisi bo‘lgan.

Siyosat to‘rt darajadan iborat:

1) Eng oliy siyosat – payg‘ambarlar siyosati bo‘lib, ularning zohiriy va botiniy masalalarda ma’lum shaxsga hamda ommaga qarata qilgan hukmlaridir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bani Isroil jamoasiga payg‘ambarlar boshliq (taSuVSuhum) bo‘lar edi. Qachon bir payg‘ambar vafot etsa, o‘rniga boshqa payg‘ambar qolar edi”.

Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

2) Xalifa, podshohlar va boshqa hukmdorlarning ma’lum bir shaxsga yoki ommaga qaratilgan zohiriy masalalardagi hukmlaridir.

3) Payg‘ambarlar vorisi bo‘lgan olimlarning siyosati. Olimlik sultonlik hisoblanmaydi va ular insonlarga buyurish va majburlash kabi siyosatni yuritmaydilar.

4) Voizlar siyosati bo‘lib avomning ichki dunyosini isloh qilishdagi siyosatidan iborat.

Bu to‘rt darajadagi siyosatlar ichida Payg‘ambarlik siyosatidan keyingi eng sharafli siyosat insonlarni halokatga eltuvchi yomon xulqlardan qaytarib, ularni saodatli go‘zal ahloqqa yo‘l ko‘rsatish siyosati hisoblanadi.

Payg‘ambarlar va avliyolar doimo o‘z qavmini yanada yaxshi bo‘lishini istab kelishgan. Faqatgina insonlarning itoatsizligi, nafsi va o‘zaro zulmi shunday degradasiyaga sabab bo‘lgan.

Bizning jamiyatimiz, ta’lim tizimimiz, iqtisodiyotimiz, mediya va  boshqa narsalarimiz barchasi insoniyatning aqliy,  ma’naviy va ruhiy takomiliga qaratilgan bo‘lishi kerak.  Musulmonlar hech qachon biror narsa haqida “hech kimga zarar bermayapdimi, qo‘yaver” degan qabilda ish tutishi kerak emas. Maqsadimi komillik va rivojlanish bo‘lishi kerak, turg‘unlik ham, degradasiya ham emas.

Xulosa qilib aytish mumkinki, din bu insoniyatni komillikka va oxirat saodatiga eltuvchi nizom bo‘lsa, siyosat, ya’ni menedjment, dunyoda insonlarni o‘zaro munosabatlarini isloh qilishga qaratilgan dunyoviy kasb, ilm va mahoratdir.

Shunday qilib, din siyosatdan ajraganmi deb so‘ralganda, qaysi siyosatdan, yoki qaysi yo‘ldagi va nimani maqsad qilgan siyosatdan deb so‘rash kerak bo‘ladi.

Chunki, din bu yo‘l, siyosat esa otdir.

Uni din bilan solishtirib ham, undan ajraganmi deb ham bo‘lmaydi.

Insoniyat uchun to‘qimachilik va dehqonchilik kasb yoki sanoat sifatida dindan qanday ajragan bo‘lsa, yoki aksincha, siyosat ham dindan shunday ajragan yoki u bilan birga hisoblanadi.

Chunki, ahloqqa zid kiyimlarni tikish bilan shug‘ullanuvchi tikuvchilik dindan ajragan bo‘lsa,  insonlar naf keltiradigan, ularni aziz va mukarram qilib ko‘rsatadigan kiyimni tikuvchi tikuvchilik esa, dinning ichida hisoblanadi. Din esa, insonlarni komillikka va oxirat saodatiga eltuvchi yo‘ldir.

Said Komil


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!