Deputat tuman hokimi bilan nega uchrashdi?

Deputat tuman hokimi bilan nega uchrashdi?

Inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholi muammolarini hal etish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Odinaxon Otaxonova joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish va ularni hal etish maqsadida Asaka tumanida bo‘ldi.

Xalq vakili dastlab tuman hokimi M.Alixanov va sektor rahbarlari bilan birgalikda saylovchilar tomonidan elektr energiyasi, ichimlik va oqava suv ta’minoti, bandlik, maktab va bog‘chalarni ta’mirlashga oid kelib tushgan murojaatlar, ariza va shikoyatlarni hal etish masalasida kelishib oldilar.

Deputat O.Otaxonovaning tumandagi “Qipchoq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari ham g‘oyat qizg‘in kechdi. Muloqotlar chog‘ida shu mahallada yashovchi Kamoliddin Mamanazarovning tabiiy gaz tarmoqlarini tortish bo‘yicha qilgan murojaati joyiga chiqib o‘rganildi va ijobiy hal etildi.

“Qipchoq” MFYda istiqomat qiluvchi A.Qirg‘izov anchadan buyon ishsiz. Ish masalasida deputatdan ko‘mak so‘ragan fuqaroning murojaatini tuman obodonlashtirish bo‘limi rahbari V.Parpiyev o‘z zimmasiga oldi.

Xalq noibining tumandagi “Dasturxonchi” MFY aholisi bilan muloqotlari yuqori kayfiyatda o‘tdi. Suhbat jarayonida fuqarolardan bandlik, imtiyozli kredit va boshqa masalalarga doir savol va murojaatlar kelib tushdi. Xususan, fuqaro G‘anijon Shokirovning murojaati shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi.  

Mamlakatimizda ehtiyojmandlarga yordam berish, keksalarni e’zozlash, bemorlar holidan xabar olish, mehr-muruvvat, oqibat ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangan. Shu sababli parlament quyi palatasi deputati O.Otaxonova “Uchtosh” MFYdagi uchrashuvi davomida 98 yoshni qarshilagan M.Shokirova xonadonida bo‘lib, onaxon holidan xabar oldi.

Deputat M.Shokirovani doimiy tibbiy nazoratda o‘tkazib turish uchun patronaj hamshirasi biriktirib, onaxonga esdalik sovg‘alari ulashdi.

Ma’lumki, “Xalqparvar” komissiyasi mahalliy hokimliklar hamda mas’ul davlat idoralarining uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni tanlab olish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

Shundan kelib chiqib deputat Asaka tumanida “Xalqparvar” komissiyasi faoliyatini o‘rganish maqsadida “Qadriyat” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonma-xonadon yurib, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!