DAM OLISh KUNLARIDA HAM YURTIMIZDAGI BARCHA TIBBIYOT MUASSASALARI TUNU KUN FAOLIYAT OLIB BORMOQDA

DAM OLISh KUNLARIDA HAM YURTIMIZDAGI BARCHA TIBBIYOT MUASSASALARI TUNU KUN FAOLIYAT OLIB BORMOQDA

Mamlakatimizdagi keskin epidemiologik vaziyatni hisobga olib, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi barcha tibbiyot muassasalarining tunu kun uzluksiz faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yildi.

Unga ko‘ra:

🏨Maxsus SOVID-19 poliklinikalarining to‘laqonli faoliyat yuritishini;

🏨mamlakatimizdagi 199 ta ko‘p tarmoqli poliklinikalarda uch nafar umumiy amaliyot va bir nafar pediatr shifokori hamda ularga biriktirilgan holda uch nafar hamshira va muolaja xonasiga mas’ul xodimlardan iborat tarkibda 2 smenada tunu-kun navbatchilik tashkil etilishini;

🏨barcha oilaviy poliklinikalarda tegishli avtomobillar biriktirilgani holda tunu-kun ishlaydigan 2-3 nafardan oilaviy shifokor va hamshiradan iborat postlarni tashkil etilishini;

🏨Call-markaz (1003) orqali malakali mutaxassislar koronavirus bo‘yicha aholi tomonidan berilayotgan savollarga tunu kun to‘liq javob berilishi belgilangan.

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakatimiz bo‘yicha jami 82 ta maxsus shifoxonalar faoliyat yuritmoqda.

Kasallik klinik belgilarsiz va yengil kechayotganligi sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida 124 ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda 222 ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, dam olish kunlarida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaatlarning keskin ortganini ko‘rish mumkin. Bu esa koronavirus bilan aloqador bo‘lmagan boshqa murojaatchilarga xizmat ko‘rsatishda qiyinchiliklar ham keltirib chiqarishi mumkin.

Bu vaziyatda xalqimiz xizmatida bo‘lib turgan tez tibbiy yordam xodimlarining mehnatini va vaqtini, ularga murojaat qilayotgan bemorlarning salomatligini hisobga olgan holda, o‘zida koronavirus alomatlarini sezgan yurtdoshlarimizdan yuqorida faqat shunday bemorlargagina xizmat ko‘rsatadigan muassasalarga ham murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.

Shu o‘rinda, poytaxtimizning har bir tumanida faoliyat yuritayotgan maxsus poliklinikalarning manzillari va telefon raqamlari haqida 👉🏻bu yerda (https://t.me/ssvuz/6720) ma’lumot olishingiz mumkin.

Tobora qaltis tus olayotgan COVID-19 pandemiyasi davrida o‘zingizni va yaqinlaringizning sog‘ligini asrang. Unutmang, vaksinasiya — virusni yengishning yagona yo‘li.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

▶️@ssvuz
▶️@ssvmatbuotkotibi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!