Chekishni tashlagan inson organizmida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

Chekishni tashlagan inson organizmida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

🌏 Tahlillarga ko‘ra, tamaki chekish oqibatida dunyoda har yili o‘rtacha 8 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. Chekish inson umrini taxminan 10 yilga qisqartirishi ham olimlar tomonidan isbotlangan fakt. Bu dahshatli statistika har bir chekuvchi insonni bu zararli odatdan voz kechishga undashi kerak.

❓Xo‘sh, sigaretdan voz kechgandan keyin organizmda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

💬 Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov:

— Chekishni tashlagandan so‘ng dastlabki o‘zgarishlar bir necha daqiqa ichida boshlanadi. Xususan, 20 daqiqadan keyin puls va arterial bosim normallashib, qon aylanishi yaxshilanadi. 8 soatdan so‘ng qondagi uglerod monoksid miqdori kamayadi, kislorod esa normal ko‘rsatkichga qaytadi. Bu, o‘z navbatida, to‘qimalarda gipoksiya paydo bo‘lishining oldini oladi, — deydi mutaxassis.

📉 Chekish qon tomirlarining torayishi va arterial bosimning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Sigaretdan voz kechgandan 24 soat o‘tib, miokard infarkti xavfi pasaya boshlaydi, yurak va qon tomirlari me’yorda ishlashi tiklanadi.

👃 Sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa kimyoviy moddalar asab tizimiga zarar yetkazishi tufayli insonda ta’m va hid sezish qobiliyati yomonlashadi. Chekishni tashlagan odamda 48 soatdan keyin bu hislar yaxshilanadi.

🫁 Nikotin va boshqa toksinlar bronxlarda spazmlar keltirib chiqarib, nafas olish tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 72 soat ichida bronx mushaklari bo‘shashib, nafas yo‘llari shilliq va boshqa ifloslanishlardan tozalanadi.

📈 2-12 hafta ichida tamakidan voz kechgan insonda qon aylanishi va o‘pka faoliyati yaxshilanadi. Bu esa organlar va to‘qimalarning kislorod va ozuqa moddalari bilan to‘yinishiga xizmat qiladi. 3-9 oy o‘tib, yo‘tal va nafas qisishi kamayadi.

🫀 1 yildan keyin yurak ishemik kasalligiga chalinish xavfi ikki barobarga kamayadi. Chekish insultning asosiy sabablaridan biri ekanligi sir emas. Sababi u qon tomirlarning torayishiga olib kelib, tromb hosil bo‘lish ehtimolini oshiradi. Bu zararli odatdan voz kechgan odamda 5 yildan so‘ng insult xavfi chekmaydiganlar darajasiga tushadi.

‼️ Tamaki tutunidagi toksinlar hujayralarda mutasiyalarni keltirib chiqarishi sababli ular saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ammo chekishni tashlash kanserogenlar ta’sirini kamaytiradi va hujayralarning tiklanishiga yordam beradi — 10 yildan so‘ng o‘pka saratoni xavfi chekuvchilarga qaraganda ikki barobarga kamayadi. Buning natijasida og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, oshqozon raki ehtimoli ham pasayadi.

✅ 15 yil o‘tib, yurak ishemik kasalligi va miokard infarkti xavfi chekmaydiganlar darajasiga qaytadi. Yurak va qon tomirlari chekish oqibatida yetkazilgan zarardan to‘liq tiklanadi. Arterial gipertenziya, ateroskleroz va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi. (https://telegra.ph/file/b4173a725c63fc507569d.jpg)

🔷 To‘g‘ri, chekishni tashlash ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan oson kechmaydi. Nikotinga qaramlikdan qutilish uchun vaqt, sabr va iroda kerak. Ammo astoydil harakat qilib, har bir inson, hatto ko‘p yillar davomida chekib kelganlar ham buni uddalashi mumkin — hammasi o‘z qo‘lingizda!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!