O‘zbekiston radioaktiv izotopli mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishi mumkin

O‘zbekiston radioaktiv izotopli mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning Izotop instituti bosh direktori Mixay Lakatosh bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Izotop ilmiy institutiga 1959 yilda asos solingan. Institut uzoq muddatga ega bo‘lgan radioizotop texnologiyalari ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yillar davomida Institut diagnostikadan tortib ko‘plab mahsulotlar uchun buyurtma asosida radioaktiv manbalar ishlab chiqardi. Mahsulotlar GMP, ISO9001, ISO13485, ISO14001 xalqaro sifat standartlariga mos keladi.

Muzokaralar davomida Mixay Lakatosh O‘zbekiston bilan radioizotop texnologiyalari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligini bildirdi. Jumladan, mamlakatda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi "Radiopreparat" davlat korxonasi bilan radioaktiv izotopli mahsulotlar savdosi bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalari mavjud.

Elchi Oybek Shaxavdinov radioaktiv izotopli mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonda yetarli shart-sharoitlar yaratilganini ma’lum qildi. Bu yo‘nalishda O‘zbekistondagi ilmiy tashkilotlar va mazkur institut o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda yaqindan yordam berish istagi bildirildi. Shuningdek, GMP sertifikatini olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqidagi davlatlardagi tegishli organlar bilan hamkorlik qilishga tayyorlik tasdiqlandi.

Uchrashuv yakunida xalqaro standartlarga mos keluvchi va barcha zarur sertifikatlarga ega O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan radioaktiv izotopli mahsulotlarni eksport qilishda Izotop instituti bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida o‘zaro muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!