Bu qanday iymon!

Bu qanday iymon!

Masjid qurilishi avjida. Barcha ustalar, hasharchilar ixlos bilan ishlamoqda. Hasharchi yigitlardan ikkitasi yerga qoziq qoqayotgan edilar. Yigitlardan biri qoziqni ushlab turar, sherigi esa, katta bolg‘ani zarb bilan qoziq ustiga urardi. Bir payt bolg‘ani yuqoriga ko‘targan yigit uni zarb bilan qoziqqa urmoqchi bo‘lganida, bolg‘a sirpanib ketib, qoziqni ushlab turgan yigitning qo‘liga borib urildi. Qo‘liga bolg‘a urilgan yigit qo‘lini darhol bag‘riga bosdi-da, «Alhamdulillah» dedi.

E’tibor beraylik, qo‘liga bolg‘a kelib urilganda, Alloh taologa hamd aytyapti. Og‘riq bilan ovvora bo‘lib, Robbisini unutmadi. Aksincha, og‘riqni unutib, Robbisini esladi. Eslaganda ham Unga hamd aytib esladi. Bu qanday iymon!

Ha, azizlar, tanasi og‘riq, iztirob ichra turganda ham Allohni eslash, Unga hamd aytish iymon quvvatli ekanidan dalolat!

Mo‘min odam xursandchilik yetsa, Allohga hamd aytadi, Unga shukr qiladi. Natijada, kelgan ne’mat yanada ziyoda bo‘ladi.

Mo‘min odam musibat, og‘riq yetsa ham Allohga hamd aytib, Undan savob umidida o‘sha musibatga sabr qiladi. Natijada, Alloh taolo uning musibatini aritib, sabriga beradigan ajrni ko‘paytirib ato qiladi.

Endi o‘zimizni yigitning o‘rniga qo‘yib ko‘raylik! Shunday vaziyatda biz qanday yo‘l tutgan bo‘lardik?! Bunday paytda tilimizga qaysi so‘z kelgan bo‘lardi?!

Har kimning javobi ichida aylanmoqda, to‘g‘rimi? Har birimiz mazkur savolllarning javobiga qarab iymonimizning quvvatini bilib, uning nurini ziyoda qilishga harakat qilaylik!

Alloh taolo barchamizning iymonimizni quvvatli, nurini ziyoda aylab, O‘zining huzuriga iymon bilan borishimizni nasib etsin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!