Bosh vazir kam ta’minlangan oilalarga ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun qancha pul ajratilishini aytdi

Bosh vazir kam ta’minlangan oilalarga ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun qancha pul ajratilishini aytdi

Ayni paytda O‘zLiDeP siyosiy kengashining majlisi o‘tkazilmoqda.

Unda Bosh vazir lavozimiga Ablulla Aripov nomzodi ilgari surildi. Aripov istiqboldagi rejalar xususida nutq so‘zladi. Aholini ish va uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha kelgusida amalga oshirilish kutilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

“Joriy yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash davlat dasturi doirasida 382 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Norasmiy bo‘lgan ish o‘rinlarining 500 mingtasi legallashtirilishi ta’minlanadi. Joriy va kelgusi yillarda ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini inflasiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Uy-joy qurilishini rivojlantirish, uy-joyga muhtoj oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, manzilli va shaffoflikni kuchaytirish, aholi punktlarini va urbanizasiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida yangi tartib joriy etiladi. Yangi tartib asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahrida 13 ming 750 ta, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining qishloq joylarida 4 mingta uy-joylar quriladi. Ularni sotib olish uchun 10 ming 800 nafar kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilaga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal foizlarining bir qismini qoplash maqsadida respublika byudjetidan 351 milliard so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi”.

Shuningdek, Aripovning ta’kidlashicha, uy-joy qurilishida g‘ishtdan voz kechiladi.

“Qurilish materiallaridan keng foydalangan holda baland va ko‘p qavatli uylar qurilishi yo‘lga qo‘yiladi. Qishloq massivlarida 5-7 qavatli, shaharlarda esa 12-16-18 qavatli hatto, 30 qavatli bo‘lgan uylar quriladi. Qurilishda g‘ishtdan foydalanishda bosqichma-bosqich voz kechamiz. Joriy yilda shaharlarda quriladigan 81 ta ko‘p qavatli uylarning qariyb yarmini monoletli va panelli uylar tashkil etadi. Bundan tashqari, uy-joy qurilishning amaldagi maqsadli dasturlari doirasida 2020 yilda barcha hududlarda, shahar joylarda 4 ming 256 ta, qishloq joylarda 8 mingta arzon-uy-joylar quriladi. Bunda kelgusi yildan boshlab mehnat migrantlari uchun 2 ming 131 ta, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun 950 ta, alohida namuna ko‘rsatgan yosh oilalar uchun 505 ta, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun 6 ming 798 uy-joylar ta’minlanadi”, — dedi Aripov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!