Aqidaparastlik g‘oyalarini tarqatgan o‘zbekistonlik bokschiga “hukm o‘qildi”

Aqidaparastlik g‘oyalarini tarqatgan o‘zbekistonlik bokschiga “hukm o‘qildi”

Internet orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarni tinglagan va ularni tarqatgan Boks bo‘yicha qator musoboqalar g‘olibiga nisbatan sudda hukm o‘qildi.

Hasan yoshligidan mehnatsevar, intiluvchan, maktabda ham ibratli bolalar qatorida edi. Sportning boks turi bo‘yicha Toshkent shahar birinchiligini qo‘lga kiritganda oila a’zolari, do‘stlari va mahalladoshlari birdek xursand bo‘lishgandi. Biroq ana shunday hamma havas qilsa arziydigan yigit nega kutilmaganda, to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketdi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi sudyasi Xurshid Xoliqovning “UzNews.uz” ga ma’lum qilishicha, Hasan Ravshanov diniy ilmga yetarlicha ega bo‘lmay turib, internet orqali turli norasmiy saytlardan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarni eshitib va video tasvirlarni ko‘rib kelgan. Bu ham yetmagandek, ularni yon-atrofidagilarga ham tarqatgan.

Bu buzg‘unchi g‘oyalarni mutassil eshitish va ko‘rish unga shunchalik ta’sir qilganki, hatto “hijrat” qilish fikriga ham tushib qolib, bu haqida do‘stlariga ham ayta boshlaydi. Ammo uning bu yurish-turishi oila a’zolari, mahalla-kuyning nazaridan chetda qolmadi. Hatto u istiqomat qiladigan mahalla faollari va imom-xatib bir necha marta Hasan bilan suhbat o‘tkazib, xatti-harakatini muhokama qilishdi. Pand-nasihat berishdi.

Hasan Ravshanovning atrofidagi ba’zi yoshlarga bilib-bilmay o‘zi tushib qolgan yo‘lga da’vat qilayotganligi, albatta, huquq-tartibot idorasi xodimlarining ham e’tiborini tortdi. Uning bu yo‘ldan qaytish o‘rniga tobora yot g‘oyalarga o‘ralashib qolayotgani, alal-oqibat, sudning qora kursisiga yetakladi.

Biroq yo‘ldan adashgan o‘zimizning farzandimiz. Uning ongini zaharlashga uringanlar esa, internet tarmoqlarida qarmoq tashlashga doim shay. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab aytganidek, bunday yo‘llarga adashib kirib qolgan yoshlarni kechirib, mahalla, yoshlar ittifoqi va jamoatchilik tomonidan nazoratga o‘z vaqtida olish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, qayta tarbiyalash zarur.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida imzolangan yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumidan kelib chiqib, Yoshlar tashkilotining tuman kengashi H. Ravshanovga kafolat berdi. Uning birinchi marta adashib bunday xatti-harakat sodir etgani hamda bu qilmishidan o‘zi qattiq pushaymon ekanligi inobatga olindi. Kelgusida jinoyat sodir etmasligi, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanib, sog‘lom turmush tarziga qaytishi uchun imkoniyat yaratildi. Sud hay’atiga qonun doirasida belgilanayotgan ozodlikdan mahrum etish jazosi o‘rniga yengilroq jazo tayinlash va jinoiy jazodan shartli ravishda ozod etish maqsadida iltimosnoma yo‘llandi.

Mahalla faollari ham kelgusida Hasan Ravshanov va uning tanishi Islomiddin Xudoyberdiyev jamoatchilik nazoratida bo‘lishi, bundan buyon noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanmasligiga kafillik berdi.

Sud majlisida ma’lum bo‘ldiki, Hasan o‘z qilmishidan qattiq pushaymon. Mehribon ota-onasi, mahalla-ko‘y va do‘stlari oldida ularning ishonchini oqlashga, yoshlar ittifoqining eng faol a’zosi bo‘lishga va’da berdi. Sudda ularning ota-onalari ham ko‘zlariga yosh olib, bu bag‘rikenglik va kechirimlilik uchun minnatdorchilik bildirishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!