Andijonda o‘z o‘g‘liga shar’iy nikoh o‘qigan ota jazoga tortildi

Andijonda o‘z o‘g‘liga shar’iy nikoh o‘qigan ota jazoga tortildi

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi Q. Q. o‘zining o‘g‘li A. O.ga yashirincha shar’iy nikoh o‘qigan.

Ma’lum bo‘lishicha, A. O. muqaddam uylangan va bir nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari kelishmaganligi sababli o‘zaro ajrashgan, biroq bu holat rasman qayd etilmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay ota o‘z o‘g‘lini uylantirish payida bo‘lgan. Mutasaddi idoralar, jumladan, masjid vakillari bu holatda shar’iy nikoh o‘qish mumkin emasligini aytibgina qolmasdan, uning salbiy oqibatlari haqida ham tushuntirish berganlaridan so‘ng, Q. Q. o‘zi nikoh o‘qishga qaror qiladi.

Amaldagi tartiblarga binoan shar’iy nikoh o‘qish diniy ma’lumotga ega bo‘lgan vakolatli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buning uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining ruxsati kerak bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 13-moddasiga muvofiq nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Tegishli idora ruxsatisiz shar’iy nikoh o‘qigan har qanday fuqaro, mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida javobgardir.

O‘z o‘g‘liga yashirincha nikoh o‘qigan ota – Q. Q.ga nisbatan ham Paxtaobod tuman ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jazoga tortildi.

2017 yilning 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi“ mavzusidagi anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, birinchi turmush o‘rtog‘idan qonuniy tarzda ajrashmay turib ikkinchi ayol bilan turmush qurish holatlarini keskin qoralab, bu kabi voqealar nafaqat, qonunga, balki, o‘zbekona milliy xususiyatlarimizga ham zid ekanligini ta’kidlagan edi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!