Amir Temur poraxo‘rlarni qanday jazolagan?

Amir Temur poraxo‘rlarni qanday jazolagan?

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Sohibqiron bobomiz o‘z davlatida korrupsiyaga qarshi keskin kurashgan. U hukmdorga xiyonat, poraxo‘rlik, mansabini suiiste’mol qilish, xalq manfaatidan o‘z manfaatini ustun qo‘yish singari o‘ta xavfli illatlarni qat’iy choralar bilangina bartaraf etish mumkin, deb hisoblagan.

Bir misol, Amir Temur har gal safardan qaytganda Samarqand aholisining ahvolidan xabar olgan va ma’lum kunlarda arzchilarni qabul qilgan. Shu orqali, ya’ni qabul vaqtida shahar hokimi va amaldorlar oddiy xalqqa nisbatan qanday muomala qilayotganini bilib olgan.

Sohibqiron o‘tkazgan qabullardan biri to‘g‘risidagi ma’lumotlar bugungi davrimizgacha saqlanib qolgan.

Unda yozilishicha, oddiy dehqonlardan bir guruhi miroblar ishidan norozi bo‘lgan. Negaki, miroblar ariqlarni to‘sib, kim pora bersa, shunga suv ochib bergan, porasiz hech kimga suv bermay qo‘yishgan. Amir Temur bu qing‘irlikni odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyat bilan teng, deb hisoblagan.

Shu sabab bu og‘ir jinoyatni ko‘rib chiqishda xolis kishilarni – sayyidlarni chaqirib, ular bilan maslahatlashgan. Ular ishtirokida o‘z nafsiga qul bo‘lgan miroblarga odil hukm chiqarib, aybdorlarni Zarafshon daryosiga tashlab yuborishga farmon bergan ekan.

Manbalarga ko‘ra, Amir Temur qat’iy choralarni yirik mansabdorlarga nisbatan ham qo‘llagan. U lavozimini suiiste’mol qilib, davlat va xalq haqiga xiyonat qilgan shaxslarni qanday mansab egasi bo‘lishidan qat’i nazar, jazosiz qoldirmagan.

1404 yili Samarqandda bo‘lgan Ispaniya qiroli Genrix III ning elchisi Lui Gonsales de Klavixo Amir Temurning 1404 yil 9 oktyabr kuni mansabini suiiste’mol qilib, davlatga xiyonat qilgan amaldorlarni jamoatchilik ko‘z oldida jazolagani haqida guvohlik bergan.

«U, – deb yozadi Klavixo. – Samarqand imperiyasida eng katta odam edi. Temurbek bundan olti yilu o‘n bir oy avval uni alkald (vazir) etib tayinlab ketgan edi. U bo‘lsa shu vaqt ichida mansabini suiiste’mol qildi».

Bu inson shaharning bosh maydonida qatl qilinadi.

Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»sida bayon etilishicha, Amir Temur olim-ulamolar bilan suhbatlaridan birida so‘zlagan nutqida: «Mamlakatning ahvoli, devonning suiiste’mol qilinganligi va qilinayotganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan qisib qo‘yilishi kabi hollar ham mendan ko‘ra sizlarga ayondir. Shular haqida ma’lumot bersangizlar, bu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi hamda shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlarni aytsangizlar yaxshi bo‘lur edi», deydi.

Bundan ko‘rinadiki, Amir Temur korrupsiyaga qarshi kurashda ilm ahlining faolligi muhim o‘ringa ega, deb hisoblagan. Bugungi kun bilan solishtirganda sohibqiron bobomiz o‘sha davrlardayoq oshkaralik va jamoatchilik nazoratiga keng yo‘l ochib berishni maqsadga muvofiq, deb bilgan.

Ismatilla YO‘LDOSHEV,

prokuratura faxriysi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!