Allohning O‘zi ko‘rsatgan iymon qani?

Allohning O‘zi ko‘rsatgan iymon qani?

Allohga iymon bo‘lmasa, boshqa narsaga iymon bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, iymon masalasining bosh rukni bo‘lmish Allohga iymon keltirish nima o‘zi?

Islom nuqtai nazarida Allohga bo‘lgan iymon Alloh taoloning borligiga, yagonaligiga, xoliqligiga, mudabbirligiga, ya’ni barcha ishning tadbirini qilib turuvchi, boshqaruvchiligiga, roziqligiga hamda boshqa ismu sifatlari va ishlariga til bilan iymon keltirish, ularni dil bilan tasdiqlash hamda shu iymon asosida a’zolar bilan amal qilishdir. Bu iymon Alloh taoloning O‘zi va Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam bayon qilganlaridek bo‘lishi zarur.

Allohga bo‘lgan iymon o‘z egasini har bir holda Allohning amri bilan yashashga chorlaydi. Allohga iymoni bor odam «Har bir ishim-qilmishimni Alloh ko‘rib turibdi» degan ishonch ila hayot kechiradi. Shuning uchun u faqat Allohga xush keladigan ishlarni qilib yashaydi. Bu esa insonning saodatli hayot sohibi bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biridir.

Allohga iymoni bor odam «Har bir gapimni Alloh eshitib turibdi» degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun doimo o‘zidan yaxshi ovoz, gap, so‘z va ma’nolar chiqishiga harakat qiladi. Bu esa insonning saodatli hayot sohibi bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biridir.

Allohga iymoni bor odam «Har bir amalimni Alloh hisoblab turibdi, qiyomat kuni so‘roq-savol qiladi» degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun doimo yaxshilik qilib, yomonlikdan qochadi. Bu esa insonning saodatli hayot sohibi bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biridir.

Allohga iymoni bor odam «Tavbani faqat Alloh qabul qiladi» degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun ham o‘zidan xato o‘tsa, darhol tavba qilishga, chin qalbdan afsus chekishga, o‘sha xatoni takror qilmaslikka shoshiladi. Bu esa insonning saodatli hayot sohibi bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biridir.

Allohga iymoni bor odam o‘zida barcha yaxshi fazilatlarni jamlashga, barcha razolatlardan chetda bo‘lishga harakat qiladi. Iymon har bir inson uchun, har bir oila uchun, har bir jamiyat va butun insoniyat uchun o‘ta muhim hamda zarur sifat ekanini odamlar ko‘rib-bilib turibdilar.

Boshqa masalalar qatori, iymon masalasida ham hamma narsa Allohning O‘zi ko‘rsatganidek bo‘lishi kerak. Insonning o‘zicha «Unga iymon keltiraman-u, bunga iymon keltirmayman», deyishi kulgili. Bunda iymon-e’tiqod, dinu diyonat masalasini Alloh emas, banda joriy qilgan bo‘ladi.

Allohga iymon qanday bo‘lishi kerakligini Allohning O‘zi bayon qilib berishi faqat Islomdagina sobitdir. Shuningdek, Allohdan boshqa iymon keltirish lozim bo‘lgan narsalarni Alloh taoloning O‘zi bayon qilib berishi ham faqat Islomda sobitdir. Bu esa insonning saodatli hayot sohibi bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biridir.

«Mukammal saodat yo‘li» kitobidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!