Allohning mukofoti qimmatlidir!

Allohning mukofoti qimmatlidir!

Masjidimizga qatnab turadigan bir namozxon aka borlar. Shu kishi o‘zi bilan bo‘lgan bir voqeani hikoya qilib berdilar.

“Ancha yil oldin, uch-to‘rt kishi kamaz mashinasini olma bilan to‘ldirdik va tijorat maqsadida sovuq o‘lkaga yo‘l oldik. Bir necha kun yo‘l yurib manzilga yetib borgach, mehmonxonaga joylashdik. Safar charchog‘i o‘z hukmini o‘tkazib qattiq uxlab qolibman. Yarim kechasi uyqumdan uyg‘otishdi...

Qarasam, krovatimda sharmandali holatda bir qiz o‘tirardi. Nima bo‘layotganini idrok qilgunimcha, uyg‘onganimni ko‘rgan fohisha menga suykala boshladi. Shayton vasvasasidan zo‘rg‘a qutuldim va vujudimni Xudodan qo‘rquv egalladi.

Qizga:
– Menga suykalma! Men zino qilmayman, bor chiqib ket! – dedim.

U bo‘lsa , "Erkakmisan o‘zi, ..." kabi so‘zlar bilan shaxsiyatimga tega boshladi.

O‘zimni o‘nglab tushunishimcha, sheriklarim men uxlayotganimda, "charchoqbosdi" uchun o‘zlariga bir nechta "suyuq ayollarni" chaqirishgan va o‘zlaricha kaminaga ham "iltifot" ko‘rsatishgandi. O‘rnimdan turib kiyinib tashqariga chiqib ketdim.

Tong otdi...
Ertalab yuklarimizni bozorga ochganimizdan ozgina o‘tib mening olmalarimga xaridor keldi. Yaxshigina foyda evaziga narxini kelishdik. Xaridor mendagi olmalar kam ekanligi, unga ko‘proq kerakligini aytdi. Men sheriklarimda ham olma borligini aytib, xaridorni ularni oldiga olib bordim. Lekin birontasining olmalari xaridorga yoqmadi va faqat mening molimni olish bilan cheklandi. Vaholanki olmalarni, hamsafarlarim bilan bir bog‘ni hosilidan olgandik. hamrohlarim "yuk"larini sotishda yaxshigina qiynalishdi va tijoratlari ham ko‘ngildagidek bo‘lmadi.

Allohdan qo‘rqib bitta gunohdan chetlanganimga, Xudo menga ko‘pgina mukofotlar berdi!” – deb akamiz o‘z hikoyalarini yakunladi.

Men esa bu voqeani eshitib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan, Umar ibn Xattob rivoyat qilgan, muttafaqun alayh bo‘lgan hadisdagi, g‘orda qamalib qolgan uch kishidan ikkinchisining qissasini esladim.
Ma’lumki unda, amakisining qizi bilan zino qilishni, Allohdan qo‘rqib tark qilgan solih kishining amalini Alloh qabul qilgani va mukofotlagani bayon qilingan.

Mehribon Robbimiz namozxon akamizning xolis amalini bu dunyoda taqdirlabdi. Endi, ushbu amalning mukofotini oxiratda ham taqdirlasa ne ajab?!

Axir, Allohning mukofoti qimmatlidir! Allohning mukofoti jannatdir!

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!