1 apreldan ayrim xalq ta’limi tizimi xodimlarining maoshi oshiriladi

1 apreldan ayrim xalq ta’limi tizimi xodimlarining maoshi oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 2021 yil 1 apreldan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2021 yil 1 apreldan boshlab umumta’lim muassasalarining Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari — Harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbarining ish haqi miqdorini umumta’lim maktabining oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchisi bazaviy tarif stavkasiga tenglashtirish ko‘rsatilgan.

1 apreldan ayrim xalq ta’limi tizimi xodimlarining maoshi oshiriladi

Ushbu Farmon va Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining “Xalq ta’limi, madaniyat va sport muassasalari pedagog va rahbar xodimlarining bazaviy tarif stavkalari hamda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida” qarorida ushbu lavozimlarning bazaviy tarif stavkalari oshirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda, mazkur masala yuzasidan joylarda tushunmovchiliklar va har xil talqinlar bo‘layotganligi munosabati bilan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joylarga qo‘shimcha tarzda rasmiy ko‘rsatma xat ham yuborildi.

Unga ko‘ra:

2021 yil 1 apreldan boshlab umumta’lim muassasalarining Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari — Harbiy chaqiriqqacha tayyorgarlik rahbarining ish xaqi miqdori umumta’lim muassasalarining barcha guruhlari uchun yagona 2 090 399 so‘m hamda metodistlar uchun 2 881 828 so‘m etib belgilanganligini joylarga yetkazish;

mazkur lavozimlar uchun joriy yil aprel oyi avans to‘lovlarini oshirilgan ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblash va to‘lash;

joylarda ushbu lavozimlar uchun belgilangan ish haqi to‘lovlari bo‘yicha muammolar va noaniqliklar yuzaga kelganga zudlik bilan bartaraf etish va tegishli tushuntirish ishlarini olib borish;

bir hafta muddatda yuqoridagi topshiriqlardan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vazirlikka yozma axborot taqdim etilishi kabi vazifalar hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari rahbarlariga yuklatildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!