6ta shahar «sanoatning tayanch shaharlari»ga aylantiriladi-Shavkat Mirziyoyev

6ta shahar «sanoatning tayanch shaharlari»ga aylantiriladi-Shavkat Mirziyoyev


Mamlakatimizning yangi sanoat siyosatini amalga oshirishni, birinchi bo‘lib Toshkent viloyatidan boshlaymiz. Bu degani, mavjud tabiiy resurslar negizida yirik, eng zamonaviy jihozlangan korxonalarni tashkil etish, sanoat zonalarida kooperasiya asosida talab yuqori bo‘lgan va raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tarmoqlar o‘rtasida ilm-fan, innovasiya, injiniringni qamrab oladigan sanoat klasterlarini tashkil etish, sanoatning barcha tarmoqlari uchun, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, malakali kadrlarni tayyorlash va tanlash tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Viloyatda kelgusi besh yilda umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan 8 mingta yirik, o‘rta va kichik investisiya loyihalari amalga oshirilib, 180 mingdan ziyod doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Birinchi navbatda, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlari “sanoatning tayanch shaharlari”ga aylantiriladi. Bunda, Olmaliq, Angren va Ohangaronda “yirik mis klasteri” korxonalari tashkil etiladi.

E’tiboringizga bitta raqamni keltirmoqchiman. Nufuzli xalqaro kompaniyalar bilan olib borilgan geologik izlanishlar natijasida, Olmaliqda mis va boshqa xomashyoning 45 million tonnadan ortiq yoki 700 milliard dollarlik yalpi zaxirasi aniqlandi. Bu aniqlangan zaxiralar bo‘yicha biz dunyodagi eng yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egalladik. Shu bois, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan qiymati qariyb 8 milliard dollar bo‘lgan loyiha doirasida 3- va 4-mis boyitish fabrikalari, karyer va mis eritish zavodi qurilib, yiliga 160 million tonna rudani qayta ishlash va 400 ming tonna mis hamda oltin, kumush, molibden ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Angrenda 160 gektar maydonda yirik sanoat zonasi barpo etiladi. Unda 200 ming tonna mis qayta ishlanib, mis folgasi, akkumulyator, quyosh va shamol energetikasi, elektromobillar uchun butlovchi qismlar hamda tog‘-kon sanoati uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va 3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Umuman, tashkil etiladigan bu “mis mega klasterida” ishlab chiqarish hajmi 13 milliard dollarni tashkil etib, mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi qariyb 10 foizga yetadi.

Ushbu sanoat shaharlarida yiliga 10 ming yoshlarni bevosita klaster korxonalariga bog‘lagan holda, kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, oliy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va klaster korxonalari buyurtmasi asosida tashkil etiladi.

Ohangaron va Pskent tumanlarida rangli metallar zaxiralarini aniqlash va ko‘paytirish bo‘yicha 35 ta geologik izlanishlar amalga oshiriladi va bunga 2 trillion so‘m ajratiladi. Chirchiq va Olmaliq shaharlarini innovasion kimyo sanoati markaziga aylantiramiz. Unda “Ximgrad” iqtisodiy zonasi tashkil etilib, xorijiy investorlar bilan birga, 500 million dollarlik 35 ta loyiha amalga oshiriladi.

Olmaliq shahrida 1 milliard dollar investisiya evaziga, “yashil texnologiyalar” asosida, ammiak, karbamid va ammofos ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Ulug‘bek shaharchasida 8 ming talabaga mo‘ljallangan 3 ta oliygoh, ya’ni Rossiyaning Mendeleev kimyo universiteti, Vengriyaning Debresen universiteti va Toshkent kimyo texnologiyalari instituti, nufuzli ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan kimyo-sanoati ilmiy klasteri tashkil etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!