Yigirma yillik tayyorgarlikdan so‘ng besh Kaspiybo‘yi davlati dengizni bo‘lib olishadi

Yigirma yillik tayyorgarlikdan so‘ng besh Kaspiybo‘yi davlati dengizni bo‘lib olishadi

Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Rossiya va Turkmaniston prezidentlari 12 avgust kuni Oqtovda Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi Konvensiyani imzolaydilar, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati. Besh mamlakatning konvensiyani ishlab chiqish byo‘icha hamkorlikdagi komissiyasi o‘z ishini 1996 yilda boshlagandi.

Konvensiyani imzolash ushbu uchrashuvning markaziy voqeasi bo‘lishi kutilmoqda, deb qayd etmoqda Kreml. Besh davlat prezidenti shuningdek, bir nechta besh tomonlama hukumatlararo kelishuvlarni imzolaydi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan buyon Kaspiy dengizining huquqiy maqomini aniqlashga urinib kelinayotgandi. Akvatoriya chegaralarini aniqlash hamda dengiz tubi bo‘ylab quvur yotqizish ishlarini kelishib olish tartibi har bir davlat uchun bahstalab masalalar bo‘lib qolayotgandi.

Konvensiya loyihasiga ko‘ra, Kaspiy dengizining tubi va sathi sektorlarga bo‘linadi, akvatoriyaning o‘zi esa ichki va tashqi suvlarga, baliq ovlash hududlari va umumiy suv makoniga bo‘linadi. Kaspiy ustidagi havo bo‘shlig‘ining ham chegaralari aniqlab olinadi. Hujjatda shuningdek, Kaspiy dengizida mazkur besh mamlakatga tegishli bo‘lmagan harbiy kuchlarning bo‘lishi taqiqlanishi ham ko‘zda tutilgan.

Davlatlar shuningdek, dengizda ovlanadigan baliqlar miqdorini ham belgilashga kelishib olishadi.

Dengiz tubi bo‘ylab quvur yotqizishda faqatgina hududidan quvur o‘tayotgan davlatlar o‘zaro kelishib olishadi. «Kaspiy beshligi»ning qolgan ishtirokchilari bu haqda xabardor qilinadi.

Hujjatda dengiz sathi va suvlarini bo‘lishishda Eronning manfaatlari hisobga olinishi ko‘zda tutilgan: Tehron Kaspiy dengizi akvatoriyasini bo‘lishda boshqa davlatlar taklif qilganidek o‘rta chiziqlar bo‘ylab emas, balki beshta teng qismga bo‘lishni taklif qilgan.

Mazkur konvensiyani imzolagan davlatlar o‘z territorial suvlarida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, tadqiqotlarga ruxsat berish va o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!