Yaponiya O‘zbekistonga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter tomografiyasi uskunalarini taqdim etdi

Yaponiya O‘zbekistonga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter tomografiyasi uskunalarini taqdim etdi

Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Yaponiya hukumati tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga zamonaviy kompyuter tomografiyasi uskunalari hamda maxsus jihozlangan tibbiy konteynerni topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev, Yaponiya Parlamentining vakillar palatasi a’zosi Keidzi Furuya, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yoshinori Fudziyama ishtirok etdi.

Unda qayd etilganidek, COVID-19 pandemiyasining ilk kunlaridanoq Yaponiya hukumati O‘zbekistonga birinchilar qatorida insonparvarlik yordami ko‘rsata boshladi.

Xususan, 2020 yil mart oyida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu davlat tomonidan 500 million iyena ajratildi.

Mazkur mablag‘ hisobiga dastlab Yaponiyada ishlab chiqarilgan virusga qarshi samarali dori vositalari, keyinchalik Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan mamlakatimiz tibbiyot mussasalariga yuqori texnologik rentgen apparatlari olib kelib o‘rnatildi.

Bu gal ushbu grant loyihasi hisobidan yurtimizdagi 3 ta tibbiyot muassasasiga Aquilion Prime SP 160 KT kompyuter tomografiyasi uskunalari hamda 1 dona maxsus jihozlangan SANSEI tibbiy-diagnostika konteyneri topshirildi.

Rejaga muvofiq, zamonaviy kompyuter tomografiyasi qurilmalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga taqdim etildi.

Tibbiy diagnostika konteyneri esa yurtimizning olis hududlarida yashovchi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga topshirildi.

Ushbu kompyuter tomografiyasining o‘ziga xos afzalliklari shundaki, u orqali bemorlarni har qanday tekshiruvdan o‘tkazish mumkin. Qolaversa, ushbu uskunaning boshqarish opsiyasi minimal radiasiya ta’sirida yuqori sifatli tasvirlarni olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, SANSEI tibbiy-diagnositika konteyneri oflayn rejimda ishlovchi mustaqil mobil diagnostika jamlanmasi bo‘lib, u kompyuter tomografiyasi, ultratovush diagnostika hamda rentgen apparatlari bilan jihozlangan.

Tadbirda mazkur zamonaviy uskunalar bemorlarga o‘z vaqtida aniq tashxis qo‘yishga xizmat qilishi, shuningdek, soha xodimlariga katta qulaylik yaratishi alohida ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!