Xotinini o‘zini o‘ldirishga majbur qilgan namanganlik erkak jazolandi

Xotinini o‘zini o‘ldirishga majbur qilgan namanganlik erkak jazolandi

O‘n besh yildan so‘ng qidiruvdagi jinoyatchi ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Jinoyatchi bu muddat davomida mamlakatimizning turli hududlarida yashirinib yurdi. Yangi oila qurdi, farzand orttirdi. Ammo adolat baribir qaror topdi. U ko‘p yillar ilgari turmush o‘rtog‘ini o‘zini-o‘zi o‘ldirishga undagani uchun ozodlikdan mahrum etildi... Bu haqda Zarafshon nashri xabar tarqatdi.

Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi Behzod Berdiyev ko‘ngliga keladigan ishdan qaytmaydigan beboshlardan edi. U ilk bor Nuriya ismli qiz bilan shar’iy nikohdan o‘tib, oila qurdi. O‘rtadagi kelishmovchiliklar tufayli besh oygina yashab, so‘ng ajrashib ketishdi.

Shundan so‘ng Behzod mahalladoshi Diloromga uylandi. Ammo bu xotin bilan ham chiqisholmay, ayolga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, xotinini do‘pposlardi. Kunlardan birida Behzod odatdagidek xotiniga tashlandi.

Ishim sen tufayli yurishmayapti, otangdan biror narsa undirib ololmaysan! deya uni beayov kaltakladi.

Xo‘rlangan ojiza zug‘um va kaltaklardan bezib, ustidan benzin quyib o‘zini yoqib yubordi. Shifoxonaga keltirilgan Dilorom sakson foiz kuyish jarohati bilan vafot etdi. Voqeaning asl sababini o‘rganish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uning uyiga kelishganida Behzod qochishga ulgurgandi. Shundan so‘ng unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.

Aslida Behzod Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozorida yollanma ishchi bo‘lib kun kechirib yurdi. Oradan besh yil o‘tgach, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida ishlab yurganida Mahfuza bilan tanishib, unga uylandi. Hech narsa bo‘lmagandek hayotini yangidan boshladi. Shuncha yil o‘tsa hamki, yaqinlari bilan bog‘lanmadi.

Kutilmagan tasodif tufayli Behzod opasi va singlisini ko‘chada uchratib qoldi. Jigarlari unga nisbatan jinoiy ish ochilgani va qidiruvda ekanini aytishdi. Ular Behzod haqida hech kimga bildirmaslikka kelishib olishadi.

Buni qarangki, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi , deganlaridek oradan o‘n besh yil o‘tib, Qo‘yliq bozori yonida o‘g‘irlik bo‘yicha ish olib borayotgan ichki ishlar xodimlariga B.Berdiyevning xatti-harakatlari shubhali ko‘rinib, undan ham hujjatlarini ko‘rsatishni so‘rashdi. Fuqaroning hujjati yo‘qligi bois, u to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rganilishi natijasida qidiruvda ekanligi aniqlandi. Shu tarzda jinoyatchi ushlandi va jazoga tortildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!