Vobkentlik tomorqa egasining issiqxonasida nega tekshiruv o‘tkazildi?

Vobkentlik tomorqa egasining issiqxonasida nega tekshiruv o‘tkazildi?

Tomorqada issiqxona tashkil etib, pomidor, bodring va boshqa mahsulotlar yetishtirish orqali ro‘zg‘orini but qilayotgan, bozorni to‘kin etishga hissa qo‘shayotgan dehqonlarga qoyil.

Buxoro viloyati qator hududlarida bu mahsulotlar bilan birga, O‘zbekiston iqlimiga unchalik xos bo‘lmagan banan va hatto papayya yetishtirish tajribasi ham bor. Sirtdan qaraganda, vobkentlik fuqaro T.I. bunga havas qilgan. Ammo...

Bundayroq bo‘lsa-da issiqxona tashkil etgan bu kimsaning muddaosi bo‘lakcha chiqdi. Aniqrog‘i, niyat faqat dehqonchilik emas ekan. Bu viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlarining o‘zaro hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ayon bo‘ldi.

Tezkor guruh vakillarining olgan asosli ma’lumotlariga tayangan holda amalga oshirilgan tadbirda, fuqaro T.Ining yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Qarangki, xavotir bejiz emas ekan. Xonadon issiqxonasida 11 tup kannabisni parvarishlanayotgani aniqlandi. Ruxsat etilmagan zararli o‘simlik tuplari qo‘porilib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Kannabis tarkibida o‘ta xavfli narkotik modda bo‘lib, u inson sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazadi, miyaning katta qismini va reproduktiv salomatlikni izdan chiqaradi. Inson o‘z xatti-harakatini boshqara olmaydi.

Tezkor tadbirda, xonadonda, shuningdek, jami 3,30 gramm “Marixuana” giyohvandlik vositalarga o‘xshash moddalar saqlab kelinayotganligi ham aniqlandi.

Viloyat Ekspert kriminalistika markazining tegishli xulosasida ashyoviy dalil sifatida olingan moddalarning giyohvandlik moddasi ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Viloyat bojxonasi matbuot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, ayni paytda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!