Vaqtdan ilgarilagan sportchi

Vaqtdan ilgarilagan sportchi

U fantastik natijalari bilan yengil atletika sporti tarixida muhrlandi: 100 va 200 metrga yugurish bo‘yicha ketma-ket uchta Olimpiada (Pekin 2008, London 2012 va Rio 2016) da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yagona sportchi bo‘ldi. Belgilangan masofalarga 9,58 va 19,19 soniyada yetib kelib, jahon rekordini o‘zi qaytadan yangiladi.

100 metrga yugurish bo‘yicha yangi rekordni Useyn Berlindagi jahon chempionatida 2009 yil 16 avgust kuni o‘rnatgan. O‘shanda uning maksimal tezligi soatiga 44,72, o‘rtacha tezligi 37,76 kilometrni tashkil etdi. Xalqaro yengil atletika federasiyalari assosiasiyasi sportchining yugurishini zamonaviy texnologiyalar asosida ikir-chikirigacha o‘rganib chiqdi. Bunda 100 metr shartli ravishda besh qismga, ya’ni 20 metrga bo‘lindi. Shunda yamaykalik sportchi masofaning 60-80 metrlari oralig‘ini eng tez bosib o‘tgani (1,61 soniya) aniqlangan. Eng ko‘p vaqt ni sportchi dastlabki 20 metr uchun sarflagan. Startdan marragacha esa raqamlar quyidagicha ko‘rinish hosil qildi:

0-20 metr 2,89 soniya;

20-40 metr 1,75 soniya;

40-60 metr 1,67 soniya;

60-80 metr 1,61 soniya;

80-100 metr 1,66 soniya.

E’tiborlisi, 200 metrga yugurish bo‘yicha yangi jahon rekordini ham yamaykalik sprintchi Germaniyadagi xuddi o‘sha dunyo birinchiligida o‘rnatdi. Faqat bir necha kun o‘tib: 20 avgustda. Mazkur ikki aql bovar qilmas rekordlardan so‘ng, ko‘pchilik Boltni tanasining qurilishi va genetika nuqtai nazaridan fenomen deb atadi. Xo‘sh, uning fenomeni nimadan yaralgan?

Birinchidan, Useynning bo‘yi baland 196 santimetr. Shu bois u 100 metr uchun 41 ta qadam bosgan. O‘rtachasi 2,44, maksimali 2,85 metrga yetgan. Raqiblariga ushbu masofani bosib o‘tishi uchun 45-47 qadam zarur bo‘lgan. Dunyo rekordini o‘rnatish chog‘ida sportchining oyoqlari 5,29 soniya yerga tegmagan. Ya’ni, yugurganda 55 foiz vaqtini havoda o‘tkazgan.

Sprint musobaqalari uch asosiy fazaga taqsimlanadi. Bular tezlik olish, maksimal tezlik va uning pasayishi. Shunday qilib, Useyn yugurish vaqtida sur’atni deyarli yo‘qotmaydi. Uni bir xil ushlab turishga harakat qiladi.

Ajablanarlisi, Afina 2004 Olimpiadasidan so‘ng, qahramonimizning sportchilik faoliyatiga yakun yasalishi mumkin edi. U jiddiy jarohat olgandi. Buning sababi o‘rganilganda, Boltda umurtqa pog‘onasida qiyshayish borligi (skolioz) va o‘ng oyog‘i ikkinchisiga qaraganda bir santimetrga kalta ekani aniqlandi. Ammo shunga qaramay, sportchi taslim bo‘lmadi. Yugurish yo‘lakchasiga qaytish uchun maxsus davolash kurslaridan o‘tdi. Tiklanib bo‘lgach esa... Ortiqcha izohga hojat yo‘q.

Sprint bo‘yicha to‘rt karra Olimpiada chempioni Maykl Jonson shunday deydi: U qanchalik tez yugurib ketishini o‘ylashning o‘zi dahshatli. Oxirgi metrlar qolganda Bolt doim atrofga qarab, boshqalarni mazax qilgandek bo‘ladi. Faqat ilk 20 metrda u raqiblari bilan baravar chopadi. Keyin esa o‘zining gigant qadamlari bilan uchadi . Agar u finish chog‘ida salom yo‘llashni bas qilsa, marra chizig‘iga 9,5 soniyada ham yetib kelishga qodir .

2017 yil Londondagi yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati Useyn Bolt uchun so‘nggisi bo‘ldi. U o‘ttiz yoshida professional faoliyatini yakunladi.

Shahobiddin RASULOV tayyorladi.

Manba: od-press.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!