Uzoq umr ko‘rish uchun yordam beradigan 5 ta foydali odat

Uzoq umr ko‘rish uchun yordam beradigan 5 ta foydali odat

Muayyan odatlarga rioya qilish hayotni sezilarli darajada uzaytirishi mumkin, chunki tadqiqotlar ko‘rsatishicha, irsiyat va genlar inson umrining atigi 25 foiziga ta’sir ko‘rsatadi. Hayotni qanday tarzda o‘tkazish va kundalik sog‘lom odatlar uzoq umr ko‘rishning asosi sanaladi.

The Conservation tibbiyot mutaxassislari ushbu mavzuda keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazdi. Demak, uzoq umr ko‘rish uchun quyidagi 5 ta odat eng samarali hisoblanadi.

Muloqot qilish

Aniqlanishicha, inson salomatligi uchun nafaqat uning jismoniy holati, balki hissiy va psixologik holati ham juda muhim. Statistik ma’lumotlar ko‘rsatishicha, yolg‘iz yashaydigan insonlarda erta hayotdan ko‘z yumish ehtimoli yuqoriroq. Shuningdek, atrofdagilar bilan kamdan kam muloqot qiladigan shaxslarda yurak xastaliklari, insult, demensiya va depressiya bo‘lish ehtimoli ancha katta. Shuning uchun sog‘lom bo‘lishda inson o‘zini ruhan yaxshi his etishi va muloqot qilishi zarurdir.

To‘g‘ri va foydali mahsulotlar iste’mol qilish

“Biz nimani yesak, o‘shamiz” iborasi hech qachon o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Darhaqiqat, iste’mol qilinadigan har bir mahsulot va taom sog‘lig‘imizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tabiiy mahsulotlarni iste’mol qiladigan insonlar uzoq umr ko‘radi va sog‘liq bilan muammolarga kam uchraydi. Ko‘proq meva, sabzavot, don mahsulotlari va yong‘oqlardan iborat muvozanatli parhez umumiy umr ko‘rish davomiyligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

Sport bilan shug‘ullanish

Muntazam jismoniy mashqlar organizmdagi stress darajasini pasaytiradi va insonning psixologik holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, jismoniy faollik sizning vazningizni nazorat qilishga yordam beradi va qon aylanishini normallashtiradi. Ammo bularning bariga faqat professional sport bilan shug‘ullanish orqali erishiladi, deb o‘ylash xato. Kun tartibiga hech bo‘lmasa bir necha kilometr piyoda yurish odatini kiriting. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, har bir qo‘shimcha mashq daqiqasi harakatsizlikda o‘tkaziladigan vaqt xavfini kamaytiradi.

Vaznni me’yorda ushlash

Ortiqcha vazn ko‘plab jiddiy muammolarga olib kelishi barchamizga ma’lum: qandli diabet, insult, yurak kasalliklari, gipertoniya va boshqalar. Ortiqcha vazn tufayli butun tanangiz azoblanadi va ichki a’zolaringizga og‘ir yuk tushadi. Shuning uchun foydali oziq-ovqatlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Yog‘li yoki qayta ishlangan mahsulotlar va spirtli ichimliklarni rasiondan chiqarish lozim.

Chekishni tashlash

Chekish birinchi navbatda o‘pkaga salbiy ta’sir qiladi, deb o‘ylaymiz. Aslida esa nikotin insonning barcha organlari faoliyatini buzadi. Chekish o‘pka saratonining 90 foizi va o‘pka kasalliklaridan o‘limning deyarli yarmining sababidir. Garchi o‘pka tamakining zararini o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa-da, chekish odatda qarish jarayonini tezlashtiradi. Bu boshqa ko‘plab saraton kasalliklari, shuningdek, yurak kasalliklari, insult va demensiya kabi boshqa kasalliklar xavfini oshiradi.

Chekuvchilarning yoshi kattaroq ko‘rinadi: tamaki terining yupqalashishiga, ajinlar paydo bo‘lishiga, sochlarning oqarib, to‘kilishiga olib keladi. Tamaki tutunida mutasiyaga olib keladigan yuzlab zaharli kimyoviy moddalar mavjud. DNKda ular chekuvchilar o‘pkasining shilliq qavatida saratonning o‘ziga xos mutasion belgisini qoldiradi.

Uzoq yillardan beri chekadigan insonlar ham bu zararli odatni tashlashi mumkin. Zamonaviy tibbiyotda hozirda nikotinga qaramlikdan xalos etadigan ko‘plab usullar mavjud.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!