O‘zbekistonlik qizlar “Google” kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashdi

O‘zbekistonlik qizlar “Google” kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashdi

Joriy yil 6-10 avgust kunlari AQShning Kaliforniya shtatida o‘tkazilgan “Technovation Challenge” xalqaro tanlovi finalida dunyoning eng yaxshi 12 jamoasi orasida o‘zbekistonlik yosh qizlar ham ilk bor o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.

2010 yildan buyon dunyoning 80 mamlakatida o‘tkazib kelinayotgan ushbu texnologik ishlanmalar tanlovida qizlar jamoasi tuzilib, dolzarb masalani aniqlash, uni hal etish imkonini beruvchi ilova ishlab chiqishi va loyihaning moliyaviy jihatdan amalga oshirilishi uchun zarur kompaniyaga asos solish kerak bo‘ladi. Mazkur tanlovda ishtirok etgan qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash, jamoaviy ishlash hamda auditoriya bilan muloqot qilish ko‘nikmalari rivojlanadi. 

Tanlov finalida mashhur olim, dasturchilar va soha ishbilarmonlaridan iborat hakamlar yuzlab loyihalarni ko‘rib chiqdi. Unda mamlakatimizning “Generation Z” jamoasi qizlari oilada gender tengligi, uy yumushlarini o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida teng taqsimlashga mo‘ljallangan “ELIST” loyihasi taqdimotini namoyish etdi. 

– Musobaqa finalida qatnashish uchun juda ko‘p tayyorlandik, – deydi tanlov ishtirokchisi, “Generation Z” jamoasi a’zosi Muslima Ahrorova. – Loyihamiz barchaning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Muhimi, bilimimni oshirib, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Tanlov doirasida turli joylarga sayohat qildik. Jumladan, “Google” kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuvimiz menda katta taassurot qoldirdi.

Yakunda Sevinch Sharifjonova, Muslima Ahrorova, Tamila Sagindikova va Farangiz Muratovalarning taqdimot ishlari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Ular tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!