O‘zbekistonga atom energetikasi nima uchun kerak?

O‘zbekistonga atom energetikasi nima uchun kerak?

Elektr energiyasi nega yetishmayapti?

Bugungi O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri. Yurtimizda sanoat, xususiy biznes, ijtimoiy soha taraqqiy etyapti. Ammo taraqqiyot energiya quvvat talab qiladi. Shu o‘rinda, ishlab chiqarish tarmoqlari bilan bir qatorda aholi tomonidan iste’mol qilinayotgan energiya, jumladan, elektr energiyasi miqdori yildan- yil ko‘payayotganini ta’kidlash kerak. 1990 yillar boshida bir xonadonda uch, to‘rtta chiroq, dazmol, televizor, xolodilnik bo‘lsa, hozirda uylarimizni isitish, sovitishdan tortib, ayollarning pardoz anjomlari, bolalar o‘yinchoqlari-yu kir yuvish, quritish jarayonlari, telefon, internet tarmog‘igacha elektrdan quvvat oladi. Bundan tashqari, 1990 yillardan buyon O‘zbekistonda aholi soni keskin oshdi. Qishloq, shaharlar kengaydi. Yangi aholi massivlari vujudga keldi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 yilda respublikamizda umumiy elektr energiyasi iste’molida aholining ulushi 13,9 foizni tashkil etsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar ortib, 26,5 foizga yetgan.

Ammo mamlakatimizda mavjud energiya tizimlarining quvvati 14,15 GVtni tashkil etadi xolos. Bu ehtiyojni to‘la qondirish uchun yetarli emas. Uskunalarning asosiy qismi (qariyb 81 foizi) eskirgan energobloklar bo‘lib, ular 1939 yildan 1995 yilgacha bo‘lgan davrda ishga tushirilgan. Natijada joylarda elektr ta’minoti masalalarida jiddiy kamchiliklar kuzatila boshlandi. Energetik ochlik hatto yirik, sanoatlashgan shaharlarni ham tashvishga soldi.

Vujudga kelgan vaziyatda O‘zbekistonda Rosatom korporasiyasi tomonidan ishlab chiqilgan SSER-1200 atom reaktorlari negizida umumiy quvvati 2,4 Gvt bo‘lgan ikki blokdan iborat ilk atom elektr stansiyasini qurish o‘z vaqtida qabul qilingani odilona qarordir.

Atom elektr stansiyasi vaziyatni o‘nglay oladimi?

Bugungi kunda mamlakatimizda gidro elektr stansiyalardan foydalanish imkoniyati deyarli poyoniga yetdi. Qurilayotgan va qurilishi rejalashtirilayotgan kichik GESlar yuzaga kelgan holatni tubdan o‘zgartira olmaydi. 2017 yil aprel oyida O‘zbekiston Iqlim bo‘yicha Parij bitimiga qo‘shildi. Bitimga a’zo mamlakatlar atmosferaga karbonat angidrid gazini chiqarishni kamaytirishi lozim. Bu hozirgi kunda O‘zbekistonda ulushi 87 foizni tashkil etgan issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanishni qisqartirishni nazarda tutadi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxining qimmatligi, barqaror emasligi va samaradorligi pastligi sababli ular muammoni to‘la hal eta olmaydi. Shu bois atom energetikasini rivojlantirish biz uchun ayni muddaodir.

AES xavfsizligi qanday ta’minlanadi?

3+ avlodiga mansub SSER-1200 atom reaktori bugun dunyoda mavjud bo‘lgan eng xavfsiz yadro energetika qurilmasi hisoblanadi. Xavfsizlik, ekologiya, iqtisodiy samara va ijtimoiy omil shu to‘rtta jihat reaktorni ishlab chiqaruvchilarning asosiy tamoyilidir. Reaktor qariyb 30 ta faol va passiv himoya qatlamlariga ega. Stansiya reaktorining tashqi qobig‘i samolyotning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qulashiga dosh bera oladi.

Chernobil va Fukusima

Bugun yadro texnologiyalari o‘tgan asrning 50-60 yillardagiga nisbatan keskin ilgarilab ketdi. Jumladan, 3+ avlodidagi SSER-1200 reaktorlarining mutlaqo avtomatlashgan himoya qatlamlari avariyalar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Chernobil va Fukusimadagi halokatlarga keladigan bo‘lsak, ushbu reaktorlar o‘tgan asrning 60-yillarida barpo etilgan edi. Chernobil AES halokatining asosiy sababi inson omili bo‘lgan. Fukusima AESda esa tabiiy ofat va uni loyihalashtirishdagi xatolar halokatni yuzaga keltirgan.

Ekologiyaga faqat foyda bo‘ladi

AESdan foydalanish atmosferaga karbonat angidrid gazi, is gazi, azot oksidlari va oltingugurt ajralib chiqishini istisno qiladi. O‘rtacha quvvatdagi IESni ko‘mir yoqilg‘isida ishlatish uchun 6 million tonna ko‘mir kerak bo‘ladi. Buning natijasida har yili 20 million tonnadan ortiq karbonat angidrid gazi, 2 million tonnagacha kul, jumladan, deyarli nazorat qilib bo‘lmaydigan uchar kul ajralib chiqadi.

Bunday quvvatdagi AESdan foydalanganda esa 50 tonnagacha radioaktiv chiqindi paydo bo‘ladi, ular to‘liq nazorat ostiga olinadi. Ko‘milib, qo‘riqlanadi. Ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi qoldiqlari, dunyoda shakllangan amaliyotga ko‘ra, uni tayyorlagan mamlakatga jo‘natiladi. IESdan chiqadigan radioaktiv moddalar AESdan chiqadigan radioaktiv moddalarga nisbatan 10-11 baravar ko‘p. AESdagi mazkur chiqindilar asosan kam yashaydigan radioaktiv inert gazlar hisobidan bo‘lsa, IESdan ajralib chiqadigan chiqindilar uzoq yashovchi radioaktiv, yuqori darajada zaharli og‘ir metallardan tashkil topadi.

Elektr narxi pasayadimi?

Atom stansiyalarida elektr ishlab chiqarish tannarxi boshqa manbalar hisobidan ishlab chiqarilgan toknikidan ancha arzonga tushadi. Jahon bozorida narxlari tez-tez o‘zgarib turuvchi neft, gaz, ko‘mir kabi uglevodorodlarga nisbatan narxi muqim bo‘lgan yoqilg‘iga asoslanadi. Atom asosida elektr hosil qilishda uran tannarxining ulushi 4-5 foiz bo‘lib, bu uran narxining o‘zgarib turishi ishlab chiqariladigan elektr energiyasiga deyarli ta’sir qilmasligini bildiradi. Natijada, biz atom kilovatti tannarxini ham bir necha yil oldinga bashorat qilishimiz mumkin va bu energiya tarifida barqarorlikni anglatadi. AESga kiritiladigan investisiyalar keyingi bir necha o‘n yilda energiya arzon va xavfsiz bo‘lishiga kafolat beradi.

Ilhom SODIQOV
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Yadro fizikasi instituti direktorining o‘rinbosari,
texnika fanlari doktori

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!