O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari eksporti oshmoqda

O‘zbekistonda elektrotexnika mahsulotlari eksporti oshmoqda

"The Korea Post" jurnalida O‘zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Yuriy Qutbitdinovning "O‘zbekiston Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga elektrotexnika mahsulotlari eksportini oshirishni rejalashtirmoqda" sarlavhali maqolasie’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 2026 yilgacha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobar, jumladan, elektrotexnika sanoatida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni 2 barobar, eksportni esa 3 barobar oshirish ko‘zda tutilgani qayd etilgan.

2023 yil sentyabrda qabul qilingan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida "Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi"da belgilangan barcha maqsadlarga erishish ta’minlanib, mamlakatda elektrotexnika sanoati uchun yiliga 300 ming tonna misni qayta ishlash va mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini esa o‘rtacha 65 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Bu borada O‘zbekistonda texnologik tarmoqlar, jumladan, elektrotexnika tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan keyingi yetti yilda elektrotexnika sanoati korxonalariga bojxona va soliq imtiyozlari, transport va boshqa xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar berish bo‘yicha qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

Xususan, 2027 yil 1 yanvarga qadar elektrotexnika sanoati korxonalarining daromadlari va mol-mulk solig‘i 50 foizga kamaytirildi hamda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

Bundan tashqari, elektrotexnika sanoatida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish bo‘yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator Dasturlar tasdiqlandi.

Buning samarasi o‘laroq keyingi yetti yilda sohaga jalb qilingan investisiyalar hajmi 935 million dollarni, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar qariyb 400 million dollarni tashkil etdi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 million dollardan ortiq bo‘lgan 260 dan ortiq yangi investisiya loyihasi, jumladan, kabel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha – 120 million dollarlik 50 ta loyiha, maishiy texnika – 380 million dollarlik 115 ta loyiha, energetika uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha – 60 million dollarlik 40 ta loyiha va boshqa elektrotexnika mahsulotlari – 250 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushirildi.

Natijada 13 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi, sanoatdagi umumiy ish o‘rinlari soni 35 ming kishini tashkil etdi.

O‘zbekistonda elektrotexnika sanoati korxonalari uchun ishlab chiqarish hajmini oshirish, o‘z mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni ko‘paytirish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan.

"Shu munosabat bilan mahsulot eksportini nafaqat an’anaviy, balki yangi bozorlarga ham ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xususan, O‘zbekistonga taqdim etilgan "GSP+" imtiyozli savdo rejimini hisobga olgan holda Yevropa mamlakatlari bozorlariga, shuningdek, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga elektrotexnika mahsulotlari eksportini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda", – deb yozgan "The Korea Post".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!