O‘zbekiston va Qatar beshkurash federasiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Qatar beshkurash federasiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

Bugun O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi va Qatar beshkurash federasiyasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Aytish kerakki, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi 2017 yilning fevral oyida tashkil qilingan bo‘lib, unda sportchilar ot sporti, qilichbozlik, o‘q otish, yugurish va suzish bo‘yicha bellashadi.

– O‘zbekiston beshkurash federasiyasining birinchi hamkorlik memorandumi aynan biz bilan imzolanayotgani ham sharaf, ham mas’uliyat, – dedi Qatar beshkurash federasiyasi prezidenti Badir al Darvesh. – Ushbu hujjat bizga har ikki mamlakat beshkurash federasiyalari uchun birdek foydali bo‘lishiga ishonamiz. Har ikki mamlakat federasiyalari beshkurash sport turlari bo‘yicha olimpiadaga chiqish va unda munosib ishtirok etishni maqsad qilgan. Bugun imzolangan memorandum bu boradagi ishlarda muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Aytish kerakki, mazkur hamkorlik doirasida ikki mamlakat sportchilarining malakasini oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, nafaqat sportchilar, balki murabbiylar ham o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

– Federasiya rahbari sifatida o‘zimning ilk oltmish kunlik ish rejamni ishlab chiqqanman, – dedi O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi raisi Bahrom Gazziyev. – Shulardan birinchisi – Qatar beshkurash federasiyasi bilan o‘zaro hamkorlik bitimini imzolash edi va bugun mana shu maqsadga erishdik. Shu kunlarda Qozog‘iston beshkurash federasiyasi bilan ham o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolaymiz. Bu orqali sportchilarimizning malakasi va mahoratini yanada oshirishga harakat qilyapmiz. Asosiy maqsad – Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritish va unda munosib ishtirok etish.

Ma’lumot uchun, beshkurash sport turi ilk marotaba 1912 yili Stokgolm mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlarida dasturga kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!