O‘zbekiston davlat psixologiya universiteti tashkil etiladi

O‘zbekiston davlat psixologiya universiteti tashkil etiladi

Prezidentning “Aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish va psixologiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar respublikada psixologik xizmat ko‘rsatish va psixologiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanishi mumkin:

  • mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda psixologik xizmatlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish, shaxsning ma’naviy kamol topishida psixologik qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning mustaqil ongli kasb tanlashi va o‘zining shaxsiy kasbiy rejalarini shakllantirishga sharoitlarni yaratishga psixologik ko‘maklashish;
  • iqtidorli yoshlar salohiyatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, ularning bilish faoliyati va qiziqishlarini boyitish, dunyoni idrok etishning universal usullarini shakllantirish uchun psixologik yordam tizimini yaratish asosida ularni psixologik qo‘llab-quvvatlash;
  • aholiga psixologik xizmatning talab qilinadigan darajasi va sifatini ta’minlovchi me’yoriy, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish, jumladan, onlayn psixologik xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
  • aholi baxtlilik darajasi, sog‘liqni saqlash, xususan mental salomatlik, stressdan himoyalanish yo‘nalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • favqulodda holatlar sharoitida psixologik xizmat ko‘rsatish, hayot faoliyatida og‘ir psixologik holatlarga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan trening-reabilitasiya dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • bolalarning maktabgacha bo‘lgan davri rivojlanishi, idrok, ong va xulq-atvor, kognitiv va ijtimoiy psixologiya sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va ommalashtirish;
  • psixologik ma’rifat va maslahat berish faoliyatini tizimli tashkil etish, uning uzluksiz metodik ta’minotini yaratish;
  • tibbiy va klinik psixologiya, psixolingvistika, psixogenetika, boshqaruv psixologiyasi, savdo psixologiyasi, gerontopsixologiya, kross-madaniy psixologiya, mehnat psixologiyasi, tashkiliy psixologiya kabi dolzarb yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni rivojlantirish;
  • psixologiya sohasida zamonaviy o‘quv, ilmiy va ommabop adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish va ommalashtirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • yosh psixologiyasi, psixofiziologiya, tibbiy psixologiya, psixoterapiya, patopsixologiya, differensial psixologiya, pedagogik psixologiya, psixodiagnostika, genetik psixologiya kabi sohalarda fundamental, amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish; 
  • sohada ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini ta’minlash, fundamental, amaliy va innovasion ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy maktablarni shakllantirish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovasion infratuzilmasini shakllantirish;
  • psixologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot tashkilotlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Belgilanishicha, 2021 yildan boshlab bosqichma-bosqich:

  • respublikaning 14ta hududida oliy ta’lim muassasalari huzurida xo‘jalik hisobida ish yuritadigan aholiga psixologik xizmat ko‘rsatuvchi markazlar tashkil etiladi;
  • psixologiya sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash bo‘yicha qabul parametrlari yiliga 30 foizdan oshirib boriladi;
  • psixologiya sohasi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tizimli malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tashlari tashkil etiladi;
  • tuman (shahar) mahallalari tuzilmasida oila psixologi lavozimi joriy etiladi;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalari, mahalla va oila tizimida faoliyat olib borayotgan barcha psixolog mutaxassislar belgilangan tartibda 3 yilda bir marotaba tegishli malaka oshirish kurslarida o‘qishlari tashkil etiladi;
  • o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritadigan nodavlat psixologik maslahat muassasalari tarmog‘i hamda onlayn psixologik xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytiriladi;
  • ta’lim muassasalarida joriy etiladigan o‘qitish dasturlari o‘quvchilarning yosh, psixofiziologik xususiyatlari, qobiliyatlari, qiziqishlari va ehtiyojlariga mosligi bo‘yicha psixologik ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining O‘zbekiston milliy universitetining “Psixologiya” va “Sosiologiya” kafedralari negizida O‘zbekiston davlat psixologiya universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanishi mumkin.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • psixoprofilaktika, psixodiagnostika, psixokorreksiya, psixologik maslahat, psixoterapiya kabi sohalarida kasbiy bilim, malaka va kompetensiyalarga ega yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi, mehnat bozori uchun raqobatbardosh bo‘lgan oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlash;
  • zamonaviy ta’lim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llash, ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • psixologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyotning uzviy integrasiyalashuvi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, fundamental, amaliy va innovasion loyihalarga iqtidorli talabalarni keng jalb qilish, ularni samarali rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish;
  • talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarda vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirib borish;
  • psixologiya sohasida professor-o‘qituvchilarning respublika hamda xorijiy mamlakatlarda stajirovka o‘tash va ularning malakasini oshirish ishlarini muntazam tashkil etish;
  • oliy ta’lim, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim tizimidagi psixologlar faoliyatini, oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan aholiga psixologik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda respublika uchun istiqbolli bo‘lgan yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!