"O‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor!" Saida Mirziyoyeva Dubayda o‘tayotgan Butunjahon ayollar forumida nutq so‘zladi

"O‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor!" Saida Mirziyoyeva Dubayda o‘tayotgan Butunjahon ayollar forumida nutq so‘zladi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva 16-17 fevral kunlari Dubayda o‘tayotgan Butunjahon ayollar forumining dastlabki kunida nutq so‘zladi.

«Kelajak haqida fikr yurituvchilar va innovatorlar uchun ayollar, yosh avlodning kelajagi, zamonaviy dunyoda ular duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama etish hamda biz ko‘rishni istaydigan kelajakni loyihalash uchun Birlashgan Arab Amirliklaridan yaxshiroq joy yo‘q», – dedi Mirziyoyeva nutqi avvalida.

«Biz bugun bu yerda ekanimizning boisi – tajriba almashish, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash va ruhlantirish, qolaversa, jamiyatlarimizdagi ayollarning rolini oshirib, ularga insoniyat sivilizasiyasiga o‘z hissalarini qo‘shish imkonini yaratib berishdir.

Shunga aminmanki, o‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor – ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘sha olishadi», – dedi Saida Mirziyoyeva.

O‘zbekiston vakili mamlakat tarixining og‘ir sinovli yillarini eslab o‘tib, bu davrlarda ham ayollar jamiyat hayotida kechgan voqeliklarning ajralmas qismi bo‘lib kelganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning uzoq tarixi – ayollarimizning ham o‘tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san’at bo‘ladimi, yoki qat’iy va aniq fanlarmi – o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab borishdi, ammo soyada qolib kelishdi.

Ularga boshlarini baland ko‘tarib, o‘z qobiliyatlari va mahoratlarini qo‘rqmay, cheklovlarsiz ko‘rsata olish imkonini beradigan vaqt keldi», – dedi Mirziyoyeva.

U o‘z so‘zida O‘zbekiston ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari yuzasidan BMT, YEXHT, Jahon Banki, Islom Taraqqiyot Banki kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, mamlakatda gender tengligiga katta e’tibor qaratilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

«Buvim ikkinchi jahon urushi yillarida turmush o‘rtog‘ini ham ruhan, ham moliyaviy jihatdan qanday qo‘llab-quvvatlaganini yaxshi eslayman. Onamning otam va biz farzandlariga cheksiz madad va mehr-muhabbatini ayamagani doim yodimda turadi», – deydi Saida Mirziyoyeva.

O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi so‘zida davom etar ekan, mamlakat taraqqiyotida katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani, shu bilan birga jamiyat yangi tahdidlar bilan to‘qnash kelayotganini aytib o‘tdi.

«Bu jarayonlarning barchasida ayollar eng oldingi qatorlarda turishibdi – qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekishyapti. Shaharlarda esa oiladagi ayollik majburiyatlarini kasbi bilan qo‘shib bajarishda qiyinchilikka uchrashyapti.

Davr taqozosi bilan biz ham yaxshi ona, ham yaxshi mutaxassis bo‘lishimiz, jamiyatimning old qatorlarida yurish bilan birga oiladagi moliyaviy barqarorlik haqida qayg‘urishimiz lozim», – dedi u.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston rivojiga katta hissa qo‘shgan avvalgi avlod vakillari bo‘lmish ayollar mamlakatdagi hozirgidek gender tengligini tasavvur ham qilishmaganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Bizning ayollarimiz jahon taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladilar. Bizning vazifamiz esa ana shuning uchun zamin yaratib berish.

Eng mushkul vazifa – ayollarimizning o‘zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanliklariga ishontirishdir. Oldimizda qiyin yo‘l turibdi, ammo bu shunga arziydi. Ayollarimizga kuch bag‘ishlash orqali biz millatimizga kuch beramiz, insoniyatni mustahkamlaymiz!» – deya o‘z nutqini yakunladi Saida Mirziyoyeva.

 

 

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!