"O‘z kasbining haqiqiy fidoyilari bo‘lgan o‘zbek shifokorlariga rahmat aytaman"

"O‘z kasbining haqiqiy fidoyilari bo‘lgan o‘zbek shifokorlariga rahmat aytaman"

Qirg‘izistondan O‘zbekistonga siam egizaklari bo‘lgan nabiralarimni oktyabr oyida olib kelgandik. O‘shanda ular 5 oylik edi. Tug‘uruqxonadan olib chiqayotganimizda chaqaloqlarning yashab qolishiga umid yo‘q, deyishgan. Qarindoshlarimiz orqali yurtingizning tajribali do‘xtirlari bilan bog‘langanimizda, bizga umid berishdi.

Bir necha oy erinmasdan onlayn konsultasiya qilib bordilar. Keyin qator tekshiruvlardan o‘tkazish kerakligini aytishganida, mushkul ahvolda qoldik. Chunki biz yashayotgan O‘sh shahrida bu egizaklarni tekshiruvlardan o‘tkazishning imkoni yo‘q edi. Shuning uchun O‘zbekistonni qora tortib keldik.

Toshkentga kelganimizda chaqaloqlar jarrohi Baxtiyor Ergashev: “Mana ko‘rasiz, hali bu yerdan nevaralaringizni sog‘lom holda, ikki qo‘lingizda alohida-alohida ko‘tarib chiqib ketasiz”, deb bizga dalda berdi.

Operasiya boshlanishidan oldin ham bunday amaliyot juda murakkab ekani, agar xohishimiz bo‘lsa, boshqa davlatda o‘tkazishimiz mumkinligi haqida aytishdi. Lekin do‘xtirlarning avvalgi operasiyalari natijalari haqida xabardor bo‘lganimiz uchun ularga oxirgi daqiqagacha ishonch bildirdik.

Mana, tug‘ilganida yashab ketishiga hech kimning ko‘zi yetmagan nabiralarim 7 oylik bo‘ldi. Bunga, avvalo, Allohning marhamati, so‘ngra o‘zbekistonlik shifokorlarning mahorati sabab. O‘z kasbining haqiqiy fidoyilari bo‘lgan, ishini vijdonan va halol bajarayotgan shifokorlarga rahmat aytaman.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov holimizdan xabar olib kelganlarida: “Xudo xohlasa, Fotima-Zuhralar ulg‘ayib, shifokor bo‘lib, oq xalat kiysin. O‘shanda ham ularni O‘zbekistonda o‘qitaylik” deb tilak bildirdi. Biz ham vazir aytganidek, nabiralarim kelajakda shunday qo‘li yengil shifokor bo‘lishini niyat qildik.

Egizaklarimiz hayotini saqlab qolib, oilamizga baxt ulashganlari uchun Respublika perinatal markaziga, muassasaning Baxtiyor Ergashev rahbarligidagi chaqaloqlar xirurgiyasi bo‘limi mutaxassislariga, operasiyada ishtirok etgan Habibullo Oqilov va Nasriddin Ergashev kabi professorlar-do‘xtirlar cheksiz minnatdorlik bildiraman.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!