“O‘z ixtiyorim bilan topshiraman” yoki bo‘lishi mumkin bo‘lgan yolg‘on haqida

“O‘z ixtiyorim bilan topshiraman” yoki bo‘lishi mumkin bo‘lgan yolg‘on haqida

Yarim kechasi deng, telefonimning telegrami ishlab ketdi. Bir pasda o‘nlab SMSlar kelib tushdi. Tag‘in hammasi “Davlat rahbaridan, xalqimdan kechirim so‘rayman...”, deb boshlangan. Ayrimlarini o‘qiymanu yoqamni ushlayman. Harflar hatto ko‘zoynaksiz ham katta-katta ko‘rinadi.

“O‘n yil viloyat tashkilotini boshqardim, qarindosh-urug‘larni atrofimga yig‘dim. Dala  hovli qildim, shahardan uy qurdim, qishloqdan jiyanlar nomiga do‘kon ochdim. Bu ham yetmagandek ishxonamga tegishli bitta binoni bir amallab xususiylashtirib oldim. O‘ylab ko‘rsam, davlatga biror foydam tegmabdi. Jamiyatdagi o‘zgarishlar ko‘zimni ochdi.  Bugun hokimiyatga kelib, barcha mulkimni davlatga topshirish haqida ariza berdim. Qariganda shahardagi uyda yashayman”.

“Men prokuraturada ishlayman. Keyingi o‘n yilda sherikchilikda yoqilg‘i quyish shoxobchasi ochdim. Deyarli tekinga tushdi. Lekin endi ishxona va mahalladagilarning qarashidan sezyapman: meni korrupsioner deb atashyapti. Shu sababli zapravkamning o‘zimga tegishli ulushini davlatga topshiraman”.

“Men tumanning 10 gektarlik tokzori shaharga qo‘shilishini bilib, shaytonning so‘ziga kirib, hokimni bir amallab ko‘ndirib, 10 kishiga 6 sotixdan yerni pulladim. Kadastr idorasida ishlashimdan foydalanib, shahardagi qulay yerdan hovli qurib oldim. Vijdonim uyg‘ondi. Hovlimni davlatga topshiraman. Chet elga, o‘g‘limning oldiga ketaman”.

“Men g‘urbatlardan charchab, bir paytlar ukam, singlim, qaynim nomiga olgan issiqxonalarimni davlatga topshiraman. Pul degani og‘aynini ham tanimas ekan. Ilgari pogonimdan qo‘rqqanlar endi men bilan mulk talashyapti. Boshqalarga ham maslahatim shu: birovning nomida yashashga o‘rganmanglar”.

Eh-he, hamma kasbdan vakil bor. Ochig‘i, bechoralarga rahmim kelib ketdi. Bir tomondan quvondim. Chunki bu ma’naviy inqilob-ku! Vijdonning uyg‘onganiga shukur...

So‘ng... hammasiga “Rahmat sizga aziz yurtdoshim, baraka toping”, deb SMS yozdim va butun kuchim bilan jo‘natish tugmasini bosdim.

- Hoy, dadasi sizga nima bo‘ldi?

- ...

- Hoy dadasi, turing!...

 Ko‘zimni ochsam, yonimda xotinim yuzini qo‘li bilan silab turibdi.

- Telegram ketdimi?

- Qanaqa telegram. Yarim kechasi yuzimga barmog‘ingizni 38 marta tekkizib oldingiz. Men hazillashyapsizmi, deb o‘ylasam, keyin barmog‘ingizni ko‘zimga bosib oldingiz,  qarang, qizarib ketdi....

 Albatta, xotinning oldida ozroq mulzam bo‘ldim. Lekin shu tushim o‘ngidan kelishini Xudodan so‘rab o‘rnimdan turdim...

Farmon TOSHEV

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!