Usta, mardikor va kirakashlar uchun patent joriy etilishi rasman inkor etildi

Usta, mardikor va kirakashlar uchun patent joriy etilishi rasman inkor etildi

Avvalroq, “Xalq so‘zi”ning Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning so‘zlariga asoslanib tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ustachilik, mardikorchilik, kirakashlik, uy xizmatlari va shunga o‘xshash faoliyat turlariga patent tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.
 
Ushbu xabarlarga nisbatan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, ma’lumotlarni rad etdi.
 
“O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, mazkur xabarlar haqiqatga muvofiq emas va kontekstdan yulib olingan hisoblanadi”, deb boshlanadi vazirlik bayonoti.
 
“Ko‘rsatib o‘tilgan mehnat faoliyat turlariga patent joriy etilishi bugungi kunda qonuniy tashabbus hisoblanmaydi va bironta rasmiy hujjatda mavjud emas.  
 
Ayni paytda ushbu masala muhokama etilmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida o‘rganib chiqilmoqda.
 
Qishloq joylaridagi norasmiy bandlik odatga ko‘ra dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng keng tarqalgan muammolardan biri sanaladi. Joriy yilning 30 aprelida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotga muvofiq, ayrim davlatlarda qishloq joylaridagi norasmiy bandlik 90 foizgacha borib yetadi.       
 
O‘zbekistonda mehnat bozorini o‘rganish bo‘yicha 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida o‘tkazilgan ishlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda norasmiy bandlik sektorining ulushi 56 foizni tashkil etadi. Qishloq joylaridagi norasmiy yoki “soyadagi” bandlikning asosiy sohalari xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlari hisoblanadi.  
 
Biroq xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlarining ayrim joylarda to‘liq bandlik alternativi sanalishini hisobga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi legallashuv chora-tadbirlaridan biri sifatida yiliga eng kam oylik ish haqining 4,5 barobari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lov qilinadigan patentni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.
 
Bu turdagi patentni olish faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgan bo‘lar edi. 
 
Ya’ni patentni ixtiyoriy ravishda olib, yiliga 912 285 so‘m (oyiga 76 023 so‘m) to‘lagan fuqaro to‘liq bandlik uchun beriladigan mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin. Bunday chora-tadbir yaxlit pensiya tizimi shakllanishiga qo‘shimcha fuqarolar sonini jalb etishga imkon bergan va kelgusida o‘sha fuqarolarning yosh bo‘yicha pensiya olishlarini ta’minlagan bo‘lar edi”.  

Qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!