Urgutda VII-VIII asrlarga oid ibodatxona topildi

Urgutda VII-VIII asrlarga oid ibodatxona topildi

Yurtimiz tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalishi ko‘plab manbalarda qayd etilgan. Bu ayrim arxeologik qazishmalar davomida topilgan ashyolar misolida ham o‘z isbotini topgan. Ammo hanuzgacha yer qa’rida sirligicha qolayotgan manbalar talaygina va ularni o‘rganish, tadqiq etish sizu bizga jumboq bo‘lib turgan ko‘plab savollarga oydinlik kiritishi mumkin.

Ayni maqsad yo‘lida arxeologik yodgorliklar, qadimiy manzilgohlarni tadqiq etishga bel bog‘lagan Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari yana bir muhim topilmaga duch keldi. Arxeologlar tomonidan Urgut tumanining Jo‘rabtepa mahallasida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxona o‘rni topildi.

Qo‘rg‘ontepa arxeologik yodgorligining umumiy maydoni 6 gektarni tashkil qiladi, – deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi mutaxassisi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Bu Urgut tumanidagi 200 ga yaqin arxeologik yodgorliklardan biri. Atrofi mudofaa devorlari bilan o‘ralgan qo‘rg‘on markazida baland ark joylashgan. Biz o‘rganishlarimiz davomida tarixiy manbalarda bu hududda juda ko‘p qasrlar, ibodatxonalar bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shu asosda o‘tgan yili Qo‘rg‘ontepa yodgorligida qazishma ishlarini boshlagan edik. Joriy yil tadqiqotni davom ettirib, yirik topilmani aniqladik. Bu yodgorlikning tuzilishi, undagi devoriy suratlar, turli topilmalardan kelib chiqib uni o‘sha davrning yirik ibodatxonalaridan biri bo‘lgan, degan taxminga kelyapmiz. Chunki, yodgorlikni hali to‘la ochib bo‘lganimiz yo‘q. Aniqlangan ashyolarni ham to‘liq o‘rganib chiqishga biroz vaqt kerak. Ibodatxonaning qaysi dinga taalluqli ekanligi ham hali oydinlashgan emas.

Ma’lumotlardan ma’lumki, Qadimgi Sug‘d hududida ko‘plab dinlarga e’tiqod qilingan. Jumladan, otashparastlik, monelik va boshqa dinlar tarixiy manbalarda qayd etilgan. Arablar istilosidan keyin ibodatxona yoqib yuborilgan. Bunga asos sifatida topilmadagi yog‘och o‘ymakorlik bezaklarining yongan qoldiqlarini ko‘rsatish mumkin. Yodgorlik to‘lig‘icha ochib o‘rganilsa, albatta, tariximiz uchun qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Bundan 1300-1400 yil avval ajdodlarimiz qaysi dinlarga e’tiqod qilganligi, ularning madaniyati, urf-odat va an’analari qanday bo‘lganligi haqidagi savollarga ham aniq manbalar asosida javob topish imkoni yaratiladi.

Ibodatxonaning arxitekturasi, undagi bezaklar o‘sha davr madaniyatidan so‘zlaydi. Bu yodgorlikda devoriy suratlar, haykaltaroshlik namunalari, yog‘och o‘ymakorlik bezaklaridan juda keng foydalanilgan. Uning o‘rganilishi mazkur san’at yo‘nalishlari tarixini o‘rganishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tarixchilarning talqiniga ko‘ra, bu hudud haqida Al-Istaxriy va ibn Havqal ma’lumotlarida Sanjarfag‘n atamasi bilan manbalar qayd etilgan. Sanjarfag‘n nisbatan kichik rustoq bo‘lib, unda bir nechta qishloqlar mavjud bo‘lgan. Al-Muqaddasiy qaydnomasida esa “Sanjarfag‘n aholisi zich joylashgan, iqlimi boshqa qishloqlarga qaraganda eng yaxshi, mevalari shirin, yerlari serhosil joy”, sifatida e’tirof etiladi. XVI asrga oid vaqf hujjatlarida bu rustoq nomi Sanjar Fig‘on shaklida uchraydi. So‘nggi o‘rta asrlar manbalarida u Zanjirbog‘ shaklida qayd etilib, Abbos hamda Karaunas ariqlarining orasida joylashganligi zikr etilgan. Sanjarfag‘n nomining etimologiyasi sanskritcha “sangharama — buddaviy ibodatxona” yoki sug‘dcha “βγn — ibodatxona” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Bu rustoq Bormish (Abbosariq, Yangiariq) va Bashmin (Karaunas, Qozonariq) kanallarining o‘rtasida joylashgan. Ushbu ma’lumotlar asosida rustoqning markazi sifatida hozirgi Eshonravot qishlog‘ida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligi bilan lokalizasiya qilish mumkin.

– Ushbu ibodatxona tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil qiladi, – deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti arxeologiya kafedrasi tayanch doktoranti G‘ayrat Mahammadiyev. – Xonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin. Xona to‘rida taxt-supa, uning to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan. Xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qo‘llari esa zebu ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri mavjud. Uning boshida ilk o‘rta asrlar Sug‘d san’atida ko‘p uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri mavjud. Shuni ta’kidlash joizki, xonada aniqlanayotgan devoriy surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari mavjud. Bu mazkur ibodatxonaning devorlarida yuqorida qayd etilgan ma’buda tasviri yagona bo‘lmagani, balki bunday ilohlar tasvirlari xonaning barcha devorlarida bo‘lganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l hamda oyoq qismlari topildi. Arxeologlarning qayd etishicha, ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat yuritgan. Shuni ta’kidlash zarurki, islomgacha bo‘lgan davr devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari O‘zbekiston hududida yaqin bir necha o‘n yillikda aniqlanmagan edi. Shu sababdan ham Qo‘rg‘ontepa yodgorligida aniqlangan bunday san’at namunalari juda katta ahamiyatga molik, deb o‘ylaymiz. Hozirda ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!