O‘g‘irlangan molni sotib olish mumkinmi?

O‘g‘irlangan molni sotib olish mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ko‘rinishidan o‘g‘irlangan yoki tortib olingan molni sotib olish mumkinmi?

Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.

Ko‘rinishidan o‘g‘irlangan yoki tortib olinganligi ma’lum bo‘lgan molni sotib olish shar’an joiz emas. Uni sotib olishda o‘g‘ri va talonchining ishini rivojlantirish bor. Gunoh ishga yordam berish shar’an gunoh hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

ﯲ ﯳ ﯴ ﯵﯶ

Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang... deb marhamat qilgan (Moida surasi, 2-oyat).

Mus’ab ibn Muhammad madinalik bir kishidan rivoyat qiladi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim molning o‘g‘irlanganini bilaturib sotib olsa, gunoh va origa sherik bo‘libdi , deganlar .

Bir kishi biror molni sotib olganidan keyin uning o‘g‘irlangan yoki tortib olinganligi ma’lum bo‘lsa, bay’ni bekor qilib, sotuvchidan pulini qaytarib olishga haqqi bor.

Alloma Ibn Obidiynning Raddul muhtor kitobida: Sotib olingan molning halol emasligi, ya’ni o‘g‘irlangan yoki tortib olingan ekanligi zohir bo‘lsa, xaridor sotuvchidan pulini qaytarib oladi , deyilgan.

O‘g‘irlangan, tortib olingan mol har qanday holatda ham o‘g‘irlatgan kishining moli hisoblanadi. Ko‘rgan joyida undan tortib olishga haqlidir.

Alloma Kosoniy rahmatullohi alayh: O‘g‘ri o‘g‘irlangan molni biror kishiga sotsa yoki qaysidir yo‘l bilan (hadya) mulk qilib ber-sa, u yo‘q bo‘lib ketmasdan turgan bo‘lsa, o‘g‘irlatgan kishi uni tortib olishga haqlidir. Chunki u o‘zining mulki hisoblanadi. Xaridor esa sotuvchi o‘g‘ridan pulini qaytarib oladi , degan.

Kishining qoni va obro‘sini to‘kish harom bo‘lganidek, nohaqdan uning moliga qo‘l cho‘zish ham haromdir. Shariatimiz vatani himoyasida vafot etgan kishilarni shahid sanaganidek, moli himoyasida vafot etgan kishilarni ham shahid qatoriga qo‘shgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Molining himoyasida vafot etgan kishi shahiddir , deganlar.

Bundan ko‘rinib turibdiki, birovning molini nohaqdan tortib olish uning jonini olishga tengdir. Vallohu a’lam.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!