Turkiyada lira qadrsizlanishi ortidan o‘zbekistonliklar topayotgan pul qariyb ikki barobarga kamayib ketdi

Turkiyada lira qadrsizlanishi ortidan o‘zbekistonliklar topayotgan pul qariyb ikki barobarga kamayib ketdi

Turkiya milliy puli – lira joriy yil boshidan buyon 40 foizdan ko‘proqqa qadrsizlanib, dushanba kuni 1 AQSh dollari 7 liradan ortiqroqqa tenglashib qoldi. Lira, ayniqsa, so‘nggi bir hafta ichida keskin arzonlab ketdiki, natijada Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan shikoyatlar kela boshladi.

Ko‘plab O‘zbekistonlik ishchilar Turkiyada 430 dollarlik oylik ish haqilik shartnoma tuzgan. O‘sha paytdagi kurs bilan bu 1603 liraga teng edi.

Turkiya hukumati 2018 yil uchun belgilab qo‘ygan eng kam ish haqi 1603 liradir.

1603 lira dushanba, 13 avgust kungi kurs bo‘yicha 210-220 dollarga teng pul bo‘ldi. 

Turk lirasining qadrsizlanishi Anqara – Vashington munosabatlarining sovuqlashayotgani fonida kechmoqda.

10 avgustda, ya’ni lira keskin qadrsizlanishi arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik pastor Endryu Bransonni qamoqdan ozod qilish so‘rovini bajarmagan Anqaraga nisbatan iqtisodiy sanksiya sifatida Turkiyada ishlab chiqariladigan po‘lat va alyuminiy importi tariflarini ikki martaga oshirdi.

Dushanba kuni Turkiya Markaziy banki liraning keskin arzonlab ketishi ortidan moliyaviy barqarorlikni saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rishga tayyor ekanligini bildirdi. Bank bu choralar nimadan iborat ekanligini ochiqlamagan, lekin liraning seshanba kungi biroz nafas rostlaganini kuzatuvchilar o‘sha bayonot bilan bog‘lamoqda.

Agar liraning kuchi chindan ham Anqara-Vashington munosabatlariga bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa, liraning seshanba kungi nafas rostlashi vaqtinchalik ko‘rinadi. Chunki, prezident Erdo‘g‘on seshanba kuni turkiyaliklarni Amerika elektronika mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi:

"Biz Amerika elektronika mahsulotlarini boykot qilamiz. Agar ularning iPhonelari bo‘lsa¸ boshqa joyda Samsung bor. Bizda esa¸ Vestel Venusimiz bor" - degan Erdo‘g‘onning bu chaqirig‘i Anqara yig‘ini ishtirokchilari tomonidan qarsaklar bilan qarshi olindi.

Shu kunlarda Turkiyadagi markaziy osiyoliklar, xususan o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi mehnat muhojirlaridir. Lekin ularning nufusiga doir rasmiy raqamlar yo‘q.

Ayrim norasmiy manbalar¸ Turkiyada 100 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surgan.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!