Terrorchilik tashkilotiga qo‘shilgan, xorijda yetti farzandi bo‘lgan 36 yoshli ayolning achchiq qismati

Terrorchilik tashkilotiga qo‘shilgan, xorijda yetti farzandi bo‘lgan 36 yoshli ayolning achchiq qismati

...Hammasi Manzuraning xorijiy davlatga ishlayotgan onasining yoniga borganidan boshlandi. Qiz bu yerda onasining istagiga ko‘ra, mo‘min- qobil ko‘ringan, asli qo‘shni davlatlik Qulmuhammad ismli yigitga turmushga chiqdi. Sha’riy nikohdan o‘tishdi.

Keyin esa Qulmuhammad Manzurani namoz o‘qishga o‘rgatdi. Ro‘mol o‘rab yurishi kerakligini aytdi. O‘zicha diniy bilimlarni qulog‘iga quyishga kirishdi. Farovon turmushga qanday erishish mumkinligi haqidagi safsatalarni miyasiga singdirdi. Yosh, g‘o‘r, hayotning past-balandini bilmagan Manzura shu tariqa yot g‘oyalar ta’siriga tushib qoldi.

Bu orada turmush o‘rtog‘ining yurtiga kelishdi. Farzandli bo‘lishdi. Keyin esa Qulmuhammadning xohishiga ko‘ra, Manzura xorijga chiqishga oid zarur hujjatlarni tayyorlab, Ozarbayjonga yo‘l oldi. Er-xotin Boku orqali Turkiyaga, undan Eron Islom Respublikasiga o‘tishdi. O‘zlariga o‘xshagan bir guruh xom sut emgan bandalar bilan jinoiy til biriktirib, Pokiston hamda Afg‘oniston Islom Respublikasi hududidagi taqiqlangan “Turkiston Islom Harakati” terrorchilik tashkilotiga borib qo‘shildilar.

Bu orada Manzura birin-ketin farzandli bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i esa terrorchilar bilan ketar, tog‘li mintaqalarda jangovar ta’lim olar, qaytib kelganida esa “hijrat” qilish kerakligini aytardi. Bir gal Manzura unga “Turkiyaga ishlash uchun olib kelgan edingiz, ammo Turkiyadan Eronga, Erondan esa endi Pokistonga ketamiz deyapsiz, men u yerlarga bormayman” deganida turmush o‘rtog‘i “Farzandlaringni menga tashlab, o‘zing yashash joyingga qaytib ketaver” dedi. ”Bolalarim uchun u yerda qolishga majbur bo‘ldim”, deydi u keyinchalik sudda bergan ko‘rsatmasida.

Har qanday ishning ham nihoyasi bor. Qulmuhammad qora niyatli sheriklari bilan ketganicha qaytib kelmadi. Ma’lum bo‘lishicha, hukumat qo‘shinlari bilan jangda u halok bo‘lgan. Shundan so‘ng Manzura ma’lum bir muddat o‘tgach, terrorchi guruh a’zolaridan biriga turmushga chiqdi. Yana farzand ko‘rdi. Hali 36 yoshga kirmay turib, jami yetti farzandning onasi bo‘ldi. Uning begona yurtlarda qanaqangi kunlarni boshidan kechirganini eshitgan kishi “Ey, banda, “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingda gado bo‘l”, degan naql bor. Senga shu ko‘rguliklar zarurmidi?Nahotki, kelajagingni, yaqinlaringni, senga oq sut berib katta qilgan, “bolam” deb asrab-avaylagan ona-yurtingni o‘ylamading?” degan savollarni berishi tayin.

Qarangki, xalqimiz, davlatimiz kechirimli. Bag‘rikeng. G‘amxo‘r. Adashgan, aldangan, yot ellarda ne-ne kechmishlarga duchor bo‘lgan bir guruh ayollarni farzandlari bilan Vatanga qaytardi. Ular orasida biz ayrim mulohazalarga ko‘ra ismi-sharifini Manzura, deb o‘zgartirganimiz ayol ham bor. Tabiiyki, Manzura G‘afforova ham o‘z qilmishi uchun sud oldida javob berdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi B.Achilov raisligida o‘tgan majlisda u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2442-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!