Telegram Rossiya hukumatining nazoratidami?

Telegram Rossiya hukumatining nazoratidami?

Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerni Rossiya rasmiylari nazorat qilayotgani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi. Bu haqda u amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Durov bu kabi mish-mishlar Telegram’ning tashkil topish tarixini bilmaydigan odamlar tomonidan tarqatilayotganini aytdi. U bu qarashni messenjerning raqobatchilari qo‘llab-quvvatlayotgani, chunki ular Telegram auditoriyasi o‘sishiga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

“Bu kabi gaplarni Telegram qayerdan kelgani haqida juda kam ma’lumotga ega odamlar aytishi mumkin. Ularni, ehtimol, raqobatchilarimiz rag‘batlantiradi, buni bizni obro‘sizlantirishning yaxshi usuli deb bilishadi, chunki Telegram o‘rmon yong‘ini kabi tarqalmoqda”, — dedi Durov.

U marketingga “bir dollar ham” sarflamasligi, ayni paytda Telegram’da har kuni 2,5 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tishi, ularning umumiy soni 900 million kishiga yetganini ma’lum qildi.

“Raqobatchilarimiz marketingga o‘nlab milliard dollar sarflaydi va bu kabi kampaniyalar uchun PR-firmalardan foydalanishlari bilan mashhur”, — dedi milliarder.

Intervyuda Durov Telegram’ni yaratish g‘oyasi Rossiyada yashaganida paydo bo‘lgani va bu aloqa uchun xavfsiz, mustaqil platformani ishlab chiqish istagi bilan bog‘liqligini aytdi. Bundan yetti yil avval 2013 yilda ishga tushirilgan Telegram’ning Dubayda bosh ofisi ochilgan. Durovning tushuntirishicha, bu qaror BAAning “siyosiy betarafligi” va mahalliy hokimiyat tomonidan bosimning yo‘qligi bilan bog‘liq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!