Suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlar javobgarlikka tortiladi

Suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlar javobgarlikka tortiladi

Mamlakatimizda aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish hamda xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada joylarda iste’molchilar tomonidan qonun buzilishi holatlari bartaraf etilib, yetkazilgan zarar tegishli tartibda undirilmoqda.

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 4,8 mingta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichni Toshkent shahri, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari egallagan.

Mazkur qonunbuzarliklar tufayli jamiyat manfaatlariga jami 55,1 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan respublika bo‘yicha 19,2 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan.

Ushbu holatlarning 10,7 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.

– Ta’kidlash joiz, o‘tgan davr davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizasiya xizmatlari bo‘yicha 102 ming nafar iste’molchidan jami 310,3 milliard so‘m mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Shu jumladan, shartnoma asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi orqali sud organlariga kiritish uchun 286 milliard so‘mlik 63,6 mingta qarzdor iste’molchi hujjatlari taqdim etilgan. Savdo-sanoat palatasida 36,1 milliard so‘mlik 14,2 mingta ish hujjatlari ko‘rib chiqish jarayonida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!