«Rishi Sunakni tan olishmadi» Birlashgan qirollikdagi parlament saylovlariga nima sabab bo‘ldi?

«Rishi Sunakni tan olishmadi» Birlashgan qirollikdagi parlament saylovlariga nima sabab bo‘ldi?

Oradan 14 yil vaqt o‘tib, Leyboristlar Buyuk Britaniyada yangi hukumat tuzadi. Konservatorlar qariyb 15 yillik hukmronlikdan so‘ng saylovda mag‘lubiyatga uchradi. Birmingham universitetining xalqaro siyosat bo‘yicha tadqiqotchisi Emol Emmanuel Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda Konservatorlar uchun muvaffaqiyatsiz natijalarning sabablariga to‘xtaldi.

4 iyul kuni Birlashgan qirollikda navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazildi. Unda Kir Starmer boshchiligidagi muxolifatchi Leyboristlar partiyasi g‘alaba qozondi. Saylov uchastkalarida ham o‘tkazilgan so‘rovnomalar va ekzit poll Konservatorlarning mag‘lubiyatini avvaldan ko‘rsatgan edi va shunday bo‘ldi. Saylov natijalari to‘la e’lon qilingach, amaldagi Bosh vazir Rishi Sunak juma kuni faoliyatini yakunladi hamda saylovchilar bilan xayrlashib, qirol Charlz III ni hukumat almashinuvidan xabardor qilish uchun saroy tomon yo‘l oldi.

Bugungi kunda Britaniyaning Birmingham universiteti tadqiqotchisi hisoblangan siyosatshunos Emol Emmanuelga ko‘ra, Rishi Sunak bosh vazirlikka saylov ortidan emas, avvalgi hukumat rahbari Lizz Trassning iste’fosidan keyin kelgan. Ya’ni raqiblarsiz lavozimini egallagan Sunakni siyosiy elita to‘liq tan olgani yo‘q. Bundan tashqari ham Konservatorlarning muammolari ko‘p edi, deydi Emmanuel.

“Mening o‘ylashimcha, uni qabul qilishmadi. Buni bosh vazir yaxshi tushundi. Chunki Rishi Sunak xalq xohishi bilan, xalq tanlovi bilan bu lavozimni egallagani yo‘q. U Lizz Trassning hukumat inqirozi ortidan hech qanday raqiblarsiz bosh vazirga aylangandi. Mag‘lubiyatga yana bir sabab – migrasiya siyosati. Xuddi men kabi immigrantlar ko‘proq Leyboristlar tomonida bo‘ldi. Chunki Sunak boshliq hukumat migrantlarni kamaytirish va Britaniyani ulardan tozalash siyosati tarafdori edi. Buni Sunak bir necha bor amalga oshirishga urindi. Leyboristlar esa vaziyatdan foydalandi, xalq ularning aytganlariga ishondi”, – Emol Emmanuel

Bundan tashqari, Leyboristlarning saylov oldidan bergan ba’zi va’dalari ham saylovchilarni ovoz berishga undagan bo‘lishi mumkin. Masalan, uy-joyga egalik qilish – bugun britaniyaliklar uchun asosiy muammolardan. Leyboristlar Buyuk Britaniyaning har bir fuqarosi uy-joyga egalik qilishini ta’minlashni va’da qildi.

“London biznes maktabida ayni mavzu yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Birinchi navbatda ko‘tarilgan mavzulardan biri bu – soliqlar. Leyboristlar soliqlarni ko‘tarmaymiz deyapti. Ikkinchi mavzu esa – uy-joy masalasi. Leyboristlarning saylovoldi kampaniyasiga ishonsak, Buyuk Britaniyaning har bir fuqarosi va bu davlatda yashovchi har bir kimsa uy-joyga egalik qilishi kerak.

Masalan, men Sunak uchun ovoz bermadim, Leyboristlarni tanladim. Keyingi sabab – Breksit. Rishi Sunak va uning hukumati Breksit tarafdori edi, buni qo‘llab-quvvatlab keldi. Bu bilan parallel ravishda esa Britaniya YAIM hajmi ham tushib bordi. Hindiston Britaniyani bu borada ortda qoldirib, oldinga o‘tdi. Shunday vaziyatda Sunak bosh vazir lavozimini davom ettira olmasdi”, – Emol Emmanuel

Eslatib o‘tamiz, Leyboristlar partiyasi so‘nggi bor 2005 yilgi saylovlarda g‘olib chiqqandi. Parlamentdagi birinchi yig‘ilish 9 iyul kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda spiker saylanadi. Bir necha kundan so‘ng esa yangi saylangan deputatlarning qasamyod qilish marosimi bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!