"Seftriakson" dori vositasida o‘lim xavfi aniqlandi(mi?)

"Seftriakson" dori vositasida o‘lim xavfi aniqlandi(mi?)

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda "SEFTRIAKSON-BXFZ" dori vositasini qo‘llash natijasida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. o‘zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so‘ng, uy sharoitida davolanish maqsadida shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan "Seftriakson" va "Lidokain" dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qiladi. Oradan chamasi 10 daqiqa o‘tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining me’yoridan oshib ketishi kuzatiladi.

Shundan so‘ng fuqaro "Tez yordam" mashinasida dislokasiya bo‘yicha dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelinib, standart bo‘yicha davo choralari qo‘llaniladi.

Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob beriladi.

Dastlabki o‘rganishlar bemorda kuzatilgan nojo‘ya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!