Sanitar tozalash markazlari tashkil etiladi

Sanitar tozalash markazlari tashkil etiladi

Bugun aholiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatayotgan va bunga tayyor bo‘lgan korxona va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ko‘p. Ularning samarali va sifatli faoliyat ko‘rsatishi uchun esa ko‘rsatilgan xizmatlar haqini o‘z vaqtida to‘lash lozim.

Chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarning 60 foizi har oyda, 40 foizi 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilmoqda. Aholining to‘lov intizomi qishloq joylarida 57 foiz, shaharlarda 71 foizni tashkil etmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlardan ko‘rinib turibdiki, sohada to‘lov intizomini mustahkamlash, pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasi va maqsadsiz foydalanilishining oldini olish zarur.

Majburiy ijro byurosi organlari bir oylik muddat ichida Markaziy bank bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqish xizmatlari uchun tushumlarning haqqoniy hisobini va monitoringini yuritish imkonini beradigan yagona tranzit bank hisob varaqlarini ochadi va aholiga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida to‘lovlarni yagona tranzit bank hisob varaqlariga to‘lash tartibi haqida xabardor qilib boradi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar aholi tomonidan yagona tranzit bank hisob varaqlariga to‘lanadi va ushbu to‘lovlar keyinchalik viloyat hokimligining maxsus g‘azna hisob varaqlariga o‘tkaziladi. Maxsus g‘azna hisob varaqlarida jamlangan mablag‘lar faqatgina xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar haqini markazlashgan tartibda to‘lashga, sanitar tozalash markazlari va sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi faoliyatini moliyalashtirishga, chiqindilar bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Endilikda Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlari huzurida Sanitar tozalash markazlari tashkil etilib, uning xodimlari har bir tuman va shaharlarda faoliyat olib boradi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda hududlarda tizim ishlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Majburiy ijro byurosi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha tushumlarni amalga oshirish borasida tuman, shahar hokimliklari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

– Ma’lumot o‘rnida, Samarqand shahridagi bir qator hududlarga chiqindi konteynerlari o‘rnatildi. Joriy yil 28 avgustda viloyat hokimining “Viloyatda chiqindi bilan bog‘liq ishlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori e’lon qilingan edi, – deydi “Maroqand obod“ davlat unitar korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Shamsiddin Hasanov. – Qarorda jamoat joylarda chiqindilarni to‘plash uchun konteynerlar o‘rnatish, tashkilotlarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan binolarga yaqin yoki tutash hududlarga mazkur chiqindi qutilarining joylarini belgilash va o‘rnatilishini ta’minlash ko‘rsatilgan edi. Tez orada butun shaharda organik-maishiy chiqindilar uchun yashil, qattiq chiqindilar uchun boshqa turdagi qutilardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

“Maroqand obod“ davlat unitar korxonasi tomonidan shahar ozodaligini saqlash, ekologik holatni yaxshilash maqsadida chiqindi konteynerlariga ehtiyojni o‘rganish va qutilarni o‘rnatishlar davom etmoqda. 2019 yilning birinchi yarmiga qadar shaharda bunday zamonaviy konteynerlar soni 2 ming 100 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyatida joylashgan Olot, Kogon, Peshku, Qorovulbozor tumanlari hamda Kogon shahar bo‘limlari tomonidan ham “Toza hudud” va “Maxsustrans” DUK bilan birgalikda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq tizimni yanada rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash, aholining sifatli sanitar tozalash xizmatlari bilan ta’minlash sifatini oshirish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlarida targ‘ibot ishlari olib borildi.

2019 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar olti oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi arizalar sudlarga kiritiladi.
Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!