Samarqandlik ayol nogiron farzandiga fuqarolik pasportini ololmayotganidan shikoyat qildi

Samarqandlik ayol nogiron farzandiga fuqarolik pasportini ololmayotganidan shikoyat qildi

«Daryo» tahririyatiga Samarqand shahridan qo‘ng‘iroq bo‘lib, chorasiz qolgan ayol 2002 yilda bolalar bosh miya falaji bilan tug‘ilgan farzandi Temur Ahrorovning fuqarolik pasporti olishda muammo yuzaga kelgani xususida murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalikdan nogiron bo‘lgan farzandi umuman yurolmaydi, gapira olmaydi. Fuqarolik pasportini olishda muammolar yuzaga kelayotganligidan nima qilishni bilmayotganligini bildirdi.

– Farzandimga pasport to‘g‘rilash maqsadida Samarqand shahridagi 8-son IIB Migrasiya fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borsam farzandingizni olib keling deydi. O‘g‘lim bolalikdan bolalar bosh miya falaji, surunkali tutqanoq xuruji bilan kasallangan. O‘g‘lim bolalikdan nogiron ekanligini, yura olmasligini tushuntirdim. Hatto rasmini ham ko‘rsatdim. Ammo ular meni tushunishmadi, — deydi Ra’no Quldosheva. – Pasport olish uchun bir oydan beri yugurib yuribman. «Pasportstol» xodimlari rasmga tushiradigan apparat yo‘q deb aytishdi. Axir, nogironlarning uyiga borib pasport berishmaydimi? Nahot ular bu ishni qila olmasa. O‘g‘lim nogiron bo‘lgani uchun hech qayerda ishlay olmayman. Unga doimiy qarovchi odam kerak. O‘zim o‘g‘lim bilan yolg‘iz yashaganimiz uchun uning nafaqasi orqali kun ko‘ramiz. «Pasportstol» xodimlari faqat apparatni bahona qilishadi.

Samarqand shahridagi 5-son oilaviy poliklinika shifokori Muhiddin O‘rinovning bildirishicha bosh miya falaji va surunkali tutqanoq kasalligi bilan og‘rigan bemorlar doimiy tarzda nazoratda bo‘lishi kerak. Farzandiga qarayotgan Ra’no Quldosheva shu sababli ham boshqa ish qilishga imkoni yo‘q.

– Tirikchilik, ro‘zg‘or nogiron farzandimning nafaqasi ortidan o‘tadi.  340 ming so‘m nafaqa pulini u oydan bu oygacha yetkazaman. Ammo so‘nggi bor nafaqa pulini olganimda avgust oyida bizga pensiya chiqmasligini bildirishdi. Nogironlik nafaqasini olish uchun esa o‘g‘limning pasporti yo‘qligi muammo bo‘lyapti. Pasport olish uchun esa mening imkoniyatim yo‘q. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 340 ming so‘m bilan bir oy yashab bo‘ladimi? Hozir pasport olish uchun 90 ming to‘lov qilishim, qolaversa nogiron farzandimning o‘zini olib borishim kerak ekan, deydi Ra’no Quldosheva. – O‘zim mehribonlik uyida katta bo‘lganman. Turmush o‘rtog‘im farzandimning bu ahvolini ko‘rib tashlab ketgan. Nogiron bolalarga qarovchi davlat muassasalalarini borib ko‘rdim. U yerda sharoit yaxshi bo‘lmagani uchun farzandimni yubormadim.

Temur Ahrorovning  fuqarolik pasportini olish bo‘yicha yuzaga kelgan muammo yuzasidan Samarqand shahridagi 8-son Iski ishlar bo‘limi Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Furqat Akramov bilan bog‘lanib masalaga oydinlik kiritdik.

– Biz fuqarolik pasporti berish bo‘yicha barcha zarur hujjatlarni tayyorlab Samarqand shahar Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga yuboramiz. Temur Ahrorov masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz hali biror marotaba bolangizni o‘zingiz olib keling deb aytganimiz yo‘q, — deydi Furqat Akramov. – Temur Ahrorov pasport olishi uchun barcha hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashamiz. Zarur hujjatlarni tayyorlab yuboramiz. Ammo pasport olish, rasmga tushish va boshqa masalalarni Samarqand shahar Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hal qiladi.

Samarqand viloyatida nogiron fuqarolarga pasport berish masalasi shu darajada muammoga aylanganmi? Nogironlarni pasport uchun rasmga tushiradigan maxsus apparat yo‘qmi? Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga pasport olishda biror bir imtiyoz berilmaganmi? O‘ylaymizki, bu masalada Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi mutasaddi rahbarlari tomonidan alohida e’tibor qaratilib, tegishli choralar ko‘riladi.

– Farzandim bilan bog‘liq muammolarni hal qilish maqsadida Samarqand shahar hokimligiga bordim. U yerda Aziz Sobirov degan inson bilan gaplashdim. Ammo u kishi ham hokimiyat hech qanday yordam bera olmasligini aytdi. Men farzandim nogiron ekanligi uchun boshqalarga o‘xshab uyalib yurmayman. Farzandim uchun qo‘limdan nima kelsa hammasini qilaman. Afsuski, hozir imkoniyatim yaxshi emas. Shu boisdan ham pasport olish uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan 90 ming so‘m pulni to‘lashga qurbim yetmayapti, — deydi Ra’no Quldosheva. – Men ham farzandim boshqa bolalarga o‘xshab istirohat bog‘larida aylanishini istayman. Mayli biror bir attraksionda uchmasin, shunchaki aylansin. Agar biror bir homiy chiqib bu ishni amalga oshirishga yordam bersa xursand bo‘lardim.

Ushbu masalani o‘rganish barobarida qiziq bir holatga duch keldik. Bu yil 16 yoshga kiradigan Temur Ahrorovga shu vaqtga qadar biror marotaba ham nogironlik aravachasi berilmagan ekan. Vaholanki, har yili 3 dekabr Xalqaro nogironlar kunida Samarqand shahar hokimligi tomonidan nogironlarga qaratilayotgan e’tibor, ularga berilayotgan sovg‘a-salomlar xususida bot-bot gapiriladi. Samarqand shahar hokimligi tomonidan bolalikdan nogiron Temur Ahrorov e’tiborda chetda qolib ketishining sababi nimada? Bu savolga Samarqand shahar hokimligi tomonidan javob kutib qolamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!