Samarqanddagi «SINO» zavodining rahbari qamoqqa olingan

Samarqanddagi «SINO» zavodining rahbari qamoqqa olingan

Millionlab dollar sarmoya kiritilgan va xorijiy brendlar bilan hamkorlik o‘rnatgan Samarqanddagi SINO aksiyadorlik jamiyati joriy yilning yozida bankrot deb topilgan edi. O‘zeltexsanoat uyushmasida o‘tkazilgan brifingda uyushma raisi Alisher Abdullayev qarorda bu borada alohida band kiritilganini izohladi, deb yozmoqda O‘zA.

Prezidentning 2019 yil 4 yanvar kuni imzolangan Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarorida SINO ni nol xarid qiymati bo‘yicha korxonaning kreditorlar oldidagi qarzini to‘lash bilan bir vaqtda korxonaning faoliyatini sog‘lomlashtirish uchun investisiyalar kiritish sharti bilan topshirish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi.

Qayd etish joizki, 1973 yilda qurilgan zavod Pamir , Snejinku , Samarkand , SINO brendlari ostida mahsulot ishlab chiqargan. Zavod quvvati yiliga 250 mingta sovutgich ishlab chiqarishga moslashgan edi. Bu muzlatgichlar Polsha, Afg‘oniston, Xitoy va boshqa mamlakatlarga eksport qilib kelinayotgan edi.

Mazkur korxonaning ikki milliard qarzi bor edi, degan uyushma raisi. Ochig‘i, uning oldingi rahbari qamoqqa olingan. O‘tgan yilning oktyabr oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Albatta, bunday holat bizning nomimizga ham yaxshi emas. Shunday bo‘lsa-da, biz korxonani sog‘lomlashtirish taklifini ilgari surdik. Axir, tayyor korxona tarqalib ketishi emas, rivojlanishi kerak. U davlatdan, banklardan olingan pullarni qaytarishi kerak. Vaholanki, bu pullar yetimlarni, armiyani va kam ta’minlangan oilalarning puli va u albatta davlatga qaytishi kerak. Shuningdek, qanchadan-qancha ish o‘rni yaratilib, oilalar manfaati ta’minlanayotgan edi.

Ayni vaqtda Koreya, Xitoy kabi davlatlarda kamida to‘rtta kompaniya uni olib, ishlatishni xohlamoqda. Biz ular o‘rtasida tanlov o‘tkazish niyatidamiz. Buning uchun Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi bilan birgalikda investorlarga qo‘yiladigan shartlar va rivojlantirish dasturi ishlab chiqmoqda. Yo‘qsa, korxona mol-mulki tijorat banki orqali sotilib, bunday korxona yo‘q bo‘lib ketardi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!