Samarqandda katta korxona boshqaruvchisi koronavirusga chalindi. 200 kishi karantinda

Samarqandda katta korxona boshqaruvchisi koronavirusga chalindi. 200 kishi karantinda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel, chorshanba kuni, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyatida katta korxona boshqaruvchisi koronavirus yuqtirgani ma’lum qilingan. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, Prezident kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tishdan oldin joylarda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Xususan, so‘nggi kunlarda kasallikka chalinganlarning soni ortganiga e’tibor qaratib, nafaqat joylardagi rahbarlar, balki fuqarolarni ham yana-da e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

«Afsuski, shuncha ogohlantirishlarga qaramasdan, Chirchiq tumanida 40 yoshli yigit xastalikni yuqtirib olib, uyida davolanmoqchi bo‘lgan. O‘sha yigitning sog‘ayib ketishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishlarini shaxsan qayta-qayta iltimos qildim. Afsuski, kasallikni ancha o‘tkazib yuborgan ekan, hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Oila a’zolariga ham kasallikni yuqtirgan. Hozir hammalari nazoratga olindi. Marhumning oila a’zolariga, yaqinlariga hamdardlik bildiraman», — deb ta’kidlagan Prezident.

Xabar berilishicha, yig‘ilishda Samarqand viloyatida katta bir korxona boshqaruvchisi koronavirus yuqtirib olgani haqida ma’lum qilingan. Natijada, u bilan muloqotda bo‘lgan 200 ga yaqin fuqaro ayni vaqtda karantinga olingan.

Davlat rahbari ushbu misollarni keltira turib, joylarda haqiqiy vaziyatni nafaqat fuqarolar, balki rahbarlar ham to‘g‘ri anglab yetmayotganini aytib o‘tdi.

Xususan, Andijon va Buxoro viloyatlarida karantinga olinganlarni saqlashga noprofessonallarcha yondashilgani tanqid qilindi. Ayni vaqtda ushbu kamchiliklar bartaraf etilgan bo‘lib, har uch nafar fuqaro alohida xonalarga joylashtirilgan. Bir martalik idishlardan foydalanish ta’minlangan.

Prezident karantinda bo‘lish qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga jiddiy ogohlantirish bergan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 7 aprel kuni berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bir nafar bemor qayd etilgan.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan 3-bemorning oilasiga hamdardlik bildirgani haqida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!