Rossiyadagi inflyasiya O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Rossiyadagi inflyasiya O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Rossiyadagi inflyasiyaning O‘zbekistondagi inflyasiyaga ta’sirini tahlil qildi.

Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb 18 foizi Rossiyaning hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiyadagi inflyasiya tufayli o‘z navbatida ushbu mamlakatdan import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxi ham qimmatlashadi. Bu esa O‘zbekistondagi inflyasiya darajasiga ta’sir ko‘rsatadi.

2021-yilda O‘zbekistonda inflyasiya darajasi 10 foizni tashkil qildi. Bunda Rossiyadagi inflyasiya (2021 yilda 6,7 foiz) O‘zbekistonda inflyasiyaning 0.78 foiz bandga oshishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Rossiyadan import qilinadigan xom-ashyo tovarlari narxining o‘sishi O‘zbekistondagi ishlab chiqarish xarajatlarining 0,6 foiz bandga oshishiga olib keldi (tarmoqlararo o‘zaro ta’sirlardan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri hisobga olingan).

Turkiya lirasidan farqli o‘laroq joriy yilda Rossiya rublining qadrsizlanishi (devalvasiyasi) emas, balki uning mustahkamlanishi kutilayapti. Yil davomida rublning AQSh dollariga nisbatan kursi 74,29 rubldan 60,20 rublgacha mustahkamlandi. Bunday sharoitda Rossiyadagi inflyasiya darajasi O‘zbekistonda narxlar barqarorligiga Turkiyadagi narxlarning ko‘tarilishiga qaraganda ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

2022-yilda Rossiya rubli qadrining 28,4 foizga ortishi hamda inflyasiya darajasining 21,3 foizga yetishi kutilayotgani hisobga olinsa, Rossiya tovarlari jahon bozoriga 69,41 foiz qimmatroq chiqishi mumkin (Turkiyada - 1,8 foiz). Buning oqibatida 2022-yilda Rossiyada narxlar oshishining O‘zbekistonga ta’siri 6 foiz punktigacha yetishi mumkin. Chunki O‘zbekistonning umumiy importida Rossiyaning ulushi (2021-yilda 21,4 foiz) Turkiyaning ulushi (6,7 foiz) ga qaraganda ancha yuqori.

Bu omil inflyasiyani tezlashtirishdan tashqari, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shusiz ham muvozanatlashmagan to‘lov balansini yanada kuchaytirishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa o‘z navbatida milliy valyuta barqarorligiga qo‘shimcha ta’sirni yuzaga keltiradi.

Masalan, 2021-yilda O‘zbekiston Rossiyadan umumiy qiymati 5,46 milliard AQSh dollariga teng mahsulot import qilgan. Bu 2021-yil kursi bo‘yicha 402,5 milliard rublga teng. Importning hajmi va tarkibi o‘zgarishsiz qolishi taxmin qilinsa, bugungi kunda mazkur import 8 mlrd. AQSh dollariga aylanadi. Eksport o‘zgarmasdan qolsa, savdo balansi yomonlashishi mumkin.

2022 yilning I-yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadan importi 2,85 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, eksport hajmi 1,22 mlrd dollarga yetdi (defisit – 1,63 mlrd dollar).

Rossiyada narxlarning oshishi tufayli O‘zbekistonda tannarx inflyasiyasining o‘sishi birinchi navbatda Rossiyadan xom ashyo va oraliq mahsulotlarni import qiluvchilarga ta’sir qiladi. Demak kompaniyalar ushbu hisob-kitoblardan qisqa va o‘rta muddatli ancha maqbul qarorlarni qabul qilishda foydalanishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!